17:59 / 09.04.2017
63467

Uka hikoyasi. «Akbar Qirg‘izistonga butunlay qaytib uylanmoqchi edi»

Sankt-Peterburgdagi terakt ijrochiligida gumon qilinayotgan shaxs Akbarjon Jalilov shu yilning fevralida o‘zi tug‘ilib o‘sgan O‘sh shahrida bo‘lgan. Uning bu tashrifi haqida uning ukasi Ahror Jalilov hikoya qiladi.

Terakt sodir etilishidan bir oy oldin Akbar o‘z qarindoshlariga shu yili ona vataniga butunlay qaytib, uy qurishni hamda uylanishni rejalashtirgani haqida gapirgandi.

RBK  muxbiri O‘shda 3 aprel kuni sodir etilgan va 13 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan Sankt-Peterburg terakti ijrochiligidagi asosiy gumondor 22 yoshli Jalilovning qarindoshlari bilan gaplashgan. Akbar Jalilov Rossiyada 2011 yildan buyon ishlab kelgan, oxirgi marta shu yilning fevralida O‘shga kelgan. Bu ma'lumot Qirg‘iziston IIV tomonidan tasdiqlangan.

«U biznikida 10–15 kun bo‘lgandi. U dam olishni, keyin ishga qaytishni istagandi. U biznikida turganida deyarli hech qayerga chiqmadi. Kompyuter o‘yinlari o‘ynadi, mashinada sayr qildi», — deya eslaydi uning 17 yoshli ukasi Ahror.

Akbarning oilasi O‘sh shahridagi asosan etnik o‘zbeklar istiqomat qiladigan O‘n Adir tumanida yashagan. Akbar Jalilov o‘zi va otasi 2009 yili qurgan uyga kelgan. U Turan tumanidagi eski uylariga bormagan va qarindoshlari bilan oxirgi bor ko‘risha olmagan.

«Akbar namozxon emasdi, juma kungi namozga ham chiqmasdi. Fevralda kelganida u biron marta masjidga bormadi, men uning hayotiy qarashlari o‘zgarganini sezmadim ham», — deya ishonch bilan gapirgan Ahror Jalilov. U uyda hech qanday shubhali diniy adabiyot uchratmagan, akasining kompyuterida hech qanday shubhali narsa sezmagan.

RBK muxbiri bilan suhbatda Akbarning ammasi Surayyo va Erkinoy opa, shuningdek, sinf rahbari Fotima Qodirjonova uning hech qachon dinga berilmagani haqida aytishgan. Fotima Qodirjonova Akbarjonni 26-o‘rta maktabda 5 sinfdan 8 sinfgacha o‘qitgan. U Akbarjonni sinfdagi eng odobli bola sifatida eslaydi​. Akbarjon futbolga, jismoniy tarbiya, informatika va rus tiliga qiziqqan, she'rlar o‘qigan, lekin kimyo va fizika fanidan ikkiga o‘qigan. U ham, qarindoshlar ham Akbarjon bomba tayyorlashi mumkinligiga ishonishmagan.

Sakkizinchi sinfdan keyin Akbar maktabni tashlagan va 2011 yilda Peterburgga borib avtoservisga ishga kirgan, u otasiga yordamchi bo‘lib ishlagan.

2011 yilda Jalilov 16 yoshli o‘g‘li Rossiya pasporti olishini ta'minlagan. Otaning o‘zi Qirg‘izistonga qaytgan, o‘g‘il esa Rossiyada qolgan va Qirg‘iziston fuqaroligini olmagan. U ota-onasi bilan telefon orqali gaplashib turgan.

Rossiyaga ketganidan keyin Akbar har yili ta'til olib, vataniga kelishga odatlangan. Ammo u 2015 va 2016 yillarda kelmagan.

«Men undan fevralda kelganida bu haqida so‘radim. Akbar Rossiya armiyasida xizmat qilgani haqida aytdi», deydi Ahror Jalilov.

Ammo qarindoshlarda marhumning armiyada bo‘lganini isbotlovchi suratlar yo‘q.

Ukaning so‘zlariga ko‘ra, Akbar shu yili Rossiyadan butunlay qaytib, O‘shda uy qurmoqchi va uylanmoqchi edi.

Akbarjon o‘zi Qirg‘izistonga qaytmoqchiligini aytish bilan birga, ukasiga 18 yoshga to‘lgandan keyin Peterburgga borish va sushi-barda ishlab yaxshigina maosh olishni taklif etgan. Ukaning eslashicha, Akbarjon Jalilov har oyda O‘shga 10–15 ming rubl jo‘natgan. U ishxonasida lavozimi ko‘tarilgach 15–20 ming rubldan yubora boshlagandi.

 

Mavzuga oid
Top