12:33 / 10.04.2017
24737

Buxoroda poraxo‘r o‘qituvchi ushlandi

Sherzod Jamilov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) yosh mutaxassis, katta o‘qituvchi sifatida Buxoro muhandislik-texnologiya institutida o‘ziga yarasha obro‘ga ega, deb yozadi “Huquq” gazetasi. 

Ustozlik maqomi ulug‘. Atrofida talabalar domla, deb hurmatini joyiga qo‘yishsa, hamkasblari fanning turli jabhalarida u bilan maslahatlashib turishadi. Ayniqsa, oliy matematika kafedrasi assistenti Sobira Do‘rmonova Sherzod domlaning “topshirig‘i”ga “yo‘q” deya olmaydi. Chunki bu “topshiriq”lardan uning o‘zi ham manfaatdor edi.

Institutning muhandislik texnika fakulteti 1-bosqich talabasi Ubaydulla Akobirov Sh.Jamilovga uchrashdi.

-  Domlajon, guruhimizdan 7 nafar talaba oliy matematikadan baho...

-  Qo‘yib berishim kerakmi?

-  Yordam berib yuborsangiz...

-  Bahoning “baho”sini bilasanmi? “5”ga 60, “4”ga 50, “3”ga 40 ming so‘m! Tushungan bo‘lsang, harakatingni qil.

Ubaydulla lom-lim demay, xonadon chiqib ketdi. “Sukut alomati rizo”, deb tushungan domla oyoq-qo‘li chaqqon assistentiga bu haqda bildirib qo‘ydi.

Oradan bir kun o‘tib, domla talabalarning reyting daftarchalarini so‘rashni bahona qilib, guruh rahbari Ubaydulla Akobirovga qo‘ng‘iroq qildi.

Aytilgan 400 ming so‘m pul Sobira Do‘rmonovaga yetkazildi. S.Do‘rmonova qonun bilan o‘sha ondayoq ro‘baro‘ bo‘lib, xatosini angladi va tadbirni oxirigacha yetkazishda o‘zi ham ishtirok etdi. “Pora operatsiya”si Sh.Jamilov talabalardan tamagirlik yo‘li bilan yig‘ilgan pulni olayotgan vaqtda yakunlandi.

Sud hukmi bilan Sh.Jamilov hamda S.Do‘rmonovaga tegishli jazo tayinlandi. 

Top