16:41 / 10.04.2017
9582

Gurlan tumanida sog‘liqni saqlash sohasida qator muammolar borligi aniqlandi

Xalq deputatlari Xorazm viloyati, Gurlan tumani Kengashi sessiyasida selektor tarzida o‘tkazildi. Unda tumanning ijtimoiy-iqtisodiy holati, aholi turmush darajasini yanada yaxshilash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta'minlash borasida olib borilayotgan ishlar chuqur tahlil qilindi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda aholi tomonidan ko‘tarilgan hamda parlament a'zolarining bevosita joylarga chiqib aniqlagan ayrim muammo va kamchiliklarga ham to‘xtalib o‘tildi. Xususan, tuman sog‘liqni saqlash tibbiyot birlashmasiga tegishli kasalxona binosi kapital ta'mirga muhtoj, sog‘liqni saqlash tashkilotlari moddiy-texnika bazasi talabga javob bermaydi, tumanda aholini dori vositalari bilan ta'minlash holati qoniqarli emas. Aholiga ko‘rsatilayotgan tez tibbiy yordam xizmati yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan, ularning joylarga kechikib yetib borish holatlari mavjud. Hududda malakali tibbiyot xodimlari yetishmaydi, mavjud 17 ta QVPning 11 tasi moslashtirilgan binoda joylashgan, binolari tabiiy gaz va ichimlik suvi tarmoqlariga ulanmagan.

Muhokamalar jarayonida ularni bartaraf etish yuzasidan amaliy chora- tadbirlar belgilandi.

Shuningdek, sessiyada odamlar turmush tarzini yaxshilashga xizmat qiluvchi boshqa sohalar jumladan, tijorat banklari faoliyati, ular tomonidan fuqarolarga xizmat ko‘rsatish, ishbilarmonlarga kredit mablag‘larining ajratilishi, huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan olib borilayotgan ishlar atroflicha ko‘rib chiqildi. Ta'kidlanganidek, hududda qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, tadbirkorlik sub'yektlarini tashkil etish va ularga tegishli ko‘mak berish borasida tumanning ichki resurs hamda imkoniyatlaridan to‘liq foydalanilmayapti.

O‘rganishlar aholi bandligi, xususan kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ish bilan ta'minlash borasida o‘z yechimini kutayotgan bir qator muammolar mavjudligini ko‘rsatdi. Shuningdek, tumanda aholiga savdo va maishiy, kommunal xizmat ko‘rsatish darajasi ham zamon talablaridan orqada qolmoqda.

Yig‘ilishda xalq deputatlari tuman Kengashi, uning doimiy komissiyalari faoliyati ham tahlil qilinib, tanqidiy baho berildi.

Top