00:21 / 11.04.2017
4925

«Lokomotiv» bosh murabbiyi: «OChL uchrashuvi qanchalik muhim ekanini yaxshi tushunib turibmiz»

Osiyo Chempionlar Ligasi «A» guruhi 4-turidan o‘rin olgan «Lokomotiv» – «Istiqlol» (Tehron) uchrashuvi oldidan «temiryo‘lchilar» ustozi Andrey Miklyayev o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

«Ertangi o‘yin qanchalik muhim ekanini yaxshi tushunib turibmiz. Guruhdan chiqish uchun ertaga faqatgina g‘alaba qozonish kerak. Buni murabbiylar ham, futbolchilar ham biladi. Bellashuv biz uchun omadli kechishiga umid qilamiz. Safarda «Istiqlol»ga mag‘lub bo‘ldik, ammo ayta olamanki, bu jamoani mag‘lubiyatga uchratish mumkin.

Futbolda omad ham kerak bo‘ladi. «Sho‘rtan» bilan o‘yinni oladigan bo‘lsak, o‘sha kuni omad bizdan yuz o‘girgandi. Umuman olganda, himoya chizig‘idan shikoyatim yo‘q, chunki ko‘p gol o‘tkazmayapmiz. Ba'zida tajribalar qilib, futbolchilarni almashtirib turamiz. Masalan, qaysidir o‘yinda Bobur Yo‘ldoshev maydonga tushsa, ba'zida Muhammad Kone o‘ynaydi.

Afsuski, bo‘lajak o‘yin oldidan yo‘qotishlar bor. Shuhrat Muhammadiyev jarohatidan forig‘ bo‘lishga ulgurmadi. Shuningdek, Samalat Qutiboyevda ham jarohat bor.Muhammadiyev va Qutiboyev ertaga maydonga tushmaydi. Shuningdek, Temur Kapadzeda yengil jarohat bor. Uning ertangi o‘yinda maydonga tushishi bugun ma'lum bo‘ladi», – dedi Andrey Miklyayev.

Eslatib o‘tamiz, «Lokomotiv» – «Istiqlol» uchrashuvi ertaga, 11 aprel kuni «Lokomotiv» stadionida bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv soat 16:00 da start olishi rejalashtirilgan.

Mavzuga oid
Top