22:51 / 12.04.2017
15916

Atambayev IShID o‘rniga boshqa tashkilot kelishi mumkinligidan ogohlantirdi

Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayev agar IShID yo‘q qilinsa ham, uning o‘rniga boshqa terrorchilik tashkiloti kelishini aytdi. U bu fikrni "MIR" telekanaliga bergan intervyusida aytdi.

Atambayevning fikricha, birinchi navbatda musulmon dunyosida IShID mafkurasiga qarshi kurashishga erishish uchun bu masalaga global miqyosda yondashish kerak. "IShIDni bir yoki ikki yil ichida yo‘q qilish mumkin, biroq fikrimcha, uning o‘rniga qandaydir boshqa tashkilot keladi. Chunki afsuski, bugungi kunda islom davlatlarida biz ko‘pincha odamlarda ba'zan tanlov yo‘qligini ko‘ramiz: u yerda bir tomondan o‘zining boyishi bilan shug‘ullanuvchi qandaydir monarx yoki avtoritar tuzum, ikkinchi tomondan islom sotsializmi, bizga 1917 yilda taklif qilingan yalpi tenghuquqlik g‘oyasini taklif qilayotgan IShID mavjud", deb aytdi Atambayev.

Uning aytishicha, IShID taklif qilayotgan g‘oya odamlarni qamrab olmoqda va bu yerda vaziyatdan chiqishning yagona yo‘li islom davlatlariga mamlakatning normal rivojlanish yo‘li, e'tiqod erkinligi, vijdon erkinligiga ega normal ziyoli, demokratik rivojlanish mavjudligini ko‘rsatish kerak. Aynan shuni Qirg‘iziston qilishga urinmoqda.

"Men yashirmayman: bizda Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti davlatlarida taqiqlangan ba'zi tashkilotlar faoliyat yuritadi. Qirg‘izistonda ularga ruxsat berilgan, biroq bundan bizda ko‘proq taranglik yoki ko‘proq terrorchi bor deb ayta olmayman, to‘g‘rirog‘i buning aksidir", deb qo‘shimcha qildi Atambayev. 

"Ba'zan, ko‘pincha AQSh qilgandek taqiqlash yoki bombardimon qilish yo‘li bilan emas, profilaktika usuli bilan borish kerak va muammoga ichkariroq qarash lozim. Biroq biz Afg‘oniston tomondan xavf borligini tushunamiz. Taxminan bir hafta oldin Rossiya va Tojikiston bilan birgalikdagi mashg‘ulotlarni o‘tkazdik. O‘tgan yili KXShT davlatlari, jumladan bizning bir necha bo‘linmamiz Tojikistonning Afg‘oniston bilan chegarasida manyovrlar o‘tkazgandi. Bizning bo‘linmalar Tojikistondagi mashg‘ulotlar joyiga piyoda yetib borgan. Shu tariqa bizning askarlar vaziyat keskinlashganda tojikistonlik do‘stlarimizga yordamga ulgura olishlari sinovdan o‘tkazilgan", deb ta'kidlab o‘tdi Qirg‘iziston prezidenti.

Top