01:45 / 12.04.2017
27993

«Barselona» yana «jar yoqasida». «Yuventus» yirik hisobda g‘alaba qildi

Yevropa chempionlar ligasining 1/4 final uchrashuvlari doirasidagi birinchi o‘yin Turinda, «Yuventus» va «Barselona» o‘rtasida bo‘lib o‘tdi.

O‘yin kutilmaganda mezbonlarning to‘liq ustunligida o‘tdi va mezbonlar 3:0 hisobida g‘alaba qozonishdi.

Birinchi bo‘limda turinliklar hujumchisi Paulo Dibala dubl qayd etdi. U yettinchi daqiqadayoq ter Shtegen qo‘riqlagan darvozaning uzoq burchagini aniq nishonga oldi. Ko‘p vaqt o‘tmasdan Mandjukich chap qanotda yugurib, to‘pni jarima maydoni hududidagi Dibalaga oshirdi va ushbu yosh hujumchi yana bir bor aniq harakat qilib, mezbonlarning ustunligini oshirdi. Ikkinchi gol urilishidan oldinroq Buffon Inestaning o‘ta xavfli zarbasini bartaraf etib, «Yuve»ni qutqargandi.

Ikkinchi bo‘limda esa Jorjo Kellini to‘p uchun kurashda Maskeranodan ustun kelib, to‘pni darvozaga joyladi - 3:0. 

«Barselona» bitta bo‘lsada javob  goli urishga harakat qildi, ammo Buffon bunga yo‘l qo‘ymadi.

Javob uchrashuvi 19 aprel kuni Barselonada bo‘lib o‘tadi.

Chempionlar Ligasi
1/4 final, birinchi uchrashuv

Yuventus – Barselona 3:0
Gollar: 1:0 – 7 Dibala, 2:0 – 22 Dibala, 3:0 – 55 Kellini.
Yuventus – Buffon, Bonuchchi, Aleks Sandro, Dani Alves, Kellini, Pyanich (Bardzali, 89), Xedira, Kuadrado (Lemina, 73), Mandjukich, Dibala (Rinkon, 81), Higuain.
Barselona – ter Stegen, Pike, Umtiti, Mate (Andre Gomesh, 46), Maskerano, Inesta, Rakitich, Serdji Roberto, Neymar, Suares, Messi.
Ogohlantirishlar: Dani Alves (28), Suares (53), Inesta (57), Mandjukich (63), Xedira (74), Lemina (90), Umtiti (90).

Top