18:40 / 12.04.2017
93714

«Yozib olingan jonli efirlar», «Turg‘izib qo‘yilgan boshlovchi» va televideniyedagi boshqa o‘zgarishlar

Foto: twitter.com/@davletovuz

Keyingi haftalarda O‘zbekiston televideniyesida o‘zgarishlar ko‘zga tashlanmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda bu haqda baralla yoza boshlashdi, «Axborot» jonlana boshlangani e'tirof qilina boshladi. 

Bu O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30 mart kuni o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishidan keyin ro‘y berdi. Prezident yig‘ilishda televideniye faoliyatiga to‘xtalgan va tanqidiy fikrlarini bildirib o‘tgandi. U bu sohada ahvol «eski hammom, eski tos» bo‘lib qolayotganini aytgandi. 

«Ura-urachilik zamoni o‘tdi. Televizorda tanqidiy va tahliliy materiallar berish kerak. Odam ko‘rsatuvlarni sog‘inib kutishi kerak. «Axborot» ko‘rsatuvini o‘zgartirishimiz kerak», degandi prezident.

Shundan so‘ng, ko‘p vaqt o‘tmasdan, 4 aprel kuni O‘zMTRK raisiga axborot uzatish bo‘yicha o‘rinbosar etib Bobur Botirovich Alixonov tayinlandi.

Bu o‘zgarish o‘z ta'sirini ko‘rsatdi. O‘zbekiston prezidentining Moskvaga safari «Axborot» dasturlari orqali yoritilishida uning imzosi sezildi. Xususan, Rossiyadagi OAVning bu tashrifga reaksiyasi alohida berildi. Shuningdek, telekanalda vazirlar, hokimlar va boshqa yuqori lavozimli mansabdorlar ko‘rinish berib, intervyu bera boshladi.

TIAISV rahbari Elyor G‘aniyev / Foto: @davletovuz
Foto: @davletovuz
Foto: @davletovuz

Oxirgi haftada yana bir o‘zgarish ro‘y berdi: «Tahlilnoma» boshlovchisi dasturni turgan holda olib borishi yo‘lga qo‘yildi. 

Endi haftaning eng muhim informatsion xabarlariga bag‘ishlangan «Tahlilnoma» dasturi boshlovchisi aholini turgan holda, yirik ekran fonida xabarlar bilan tanishtirmoqda.

Bu o‘zgarish haqidagi xabarlarga turlicha munosabatlar yangramoqda. 

Munosabatlarning aksarida telekanal shakliy o‘zgarishlarga emas, mazmuniy o‘zgarishlarga qo‘l urishi kerakligiga urg‘u qaratilgan.

«Bizga yangiliklarni qanday holatda yetkazishlari muhim emas. O‘tiribmi, turibmi yoki yotib olibmi, asosiysi haqiqatni gapirishsin», deya achchiq fikr bildiradi internet foydalanuvchilaridan biri.

Uning fikri ko‘pchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. 

«Boshqalar kosmosni egallab, Marsni tadqiq qilmoqda. Axborotni tik turib olib borish esa bundan ham zo‘r kashfiyot. Endi yaxshi bo‘lib ketamiz shekilli», deya zaharxandalik bilan davom etadi ulardan biri.

Yanada keskinroq munosabatda bo‘lganlar ham bor.

«He, o‘rgildim qilig‘ingdan. Senlarga Prezident shuni qil dedimi. Xalqning ko‘zini och dediku», deyiladi jumladan.

«Gap turib yoki o‘tirib olib borishda emas. Muxbirlarda jasorat yetishmaydi. Ko‘tarilayotgan muammo ichiga kirib, tanqidni professional darajada negiziga uradigan jurnalistlarga yo‘l berish kerak va ularning himoyasini ham ta'minlash kerak», deya taklif berilgan yana bir foydalanuvchi tomonidan.

Bildirilgan fikrlarning aksari tanqidiy ruhda davom etgan.

«Chindan ham. Odamlarga kerak materialni yonboshlab gapiradimi, emaklabmi, eplasa bo‘ldi-da. Forish tumanidagi fermer xo‘jaligida bitta tovuq ikkita tuxum qilganini turib gapirdi nima-yu o‘tirib gapirdi nima?!», deya munosabat bildirgan taniqli telesuxandon Muslimbek Yo‘ldoshev.

Shuningdek, telekanalda kunduzgi vaqtda, «Axborot» ko‘rsatuvi «jonli efir» sifatida namoyish etilmoqda.

Bilmaganlar bunga ishonib, aldanmoqda. Bilganlar esa televideniye haqidagi avvalgi fikrlarini o‘zgartirmay qolmoqda.

«Bugun bir tadbirda ishtirok etib keldim (11.00-12.00). Ishxonaga kelib, televizorni yoqsam, soat 14.00dagi «Axborot» boshlandi. O‘sha tadbirni jonli efirda efirga uzatishdi. «Dvoyniging bor ekanda», deyishdi hamkasblar», deya hikoya qiladi ushbu sarlavhadagi ayblovni dalillay oluvchi manba.

 

Mavzuga oid
Top