22:26 / 12.04.2017
6507

Xitoy yuqori tezlikdagi aloqaning ilk sun'iy yo‘ldoshini uchirganini ma'lum qildi

Foto: China Xinhua News‏

Xitoyda o‘ta tezkor internetga mo‘ljallangan "Shitszyan-13" sun'iy yo‘ldoshi Sichuan viloyatidagi Sichan kosmodromidan orbitaga uchirildi. "Sinxua" axborot agentligining ma'lum qilishicha, sun'iy yo‘ldosh samolyot va tezyurar poyezdlarda internetda HD-videoni ko‘rishni ta'minlay oladi.     

Axborot agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, sun'iy yo‘ldosh Xitoyning avvalgi barcha sun'iy yo‘ldoshlarining umumiy o‘tkazish qobiliyatidan kattaroq o‘tkazish qobiliyatiga ega. Sun'iy yo‘ldosh yaqin 15 yil davomida geostatsionar orbitada qoladi va butun Xitoyni qoplovchi global Wi-Fi tarmog‘i yaratish maqsadida orbitaga uchiriladigan bir qator sun'iy yo‘ldoshlarning bir qismi bo‘ladi. 

Xitoyning milliy mudofaa uchun fan, texnologiya va sanoat davlat boshqarmasining ma'lum qilishicha, bu tarmoqda internetga ulanish tezligi 20 Gb/soniyaga yaqinni tashkil qiladi. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, sun'iy yo‘ldosh Xitoy koinot texnologiyalari akademiyasi muhandislari tomondan yaratilgan. Ta'kidlanishicha, yangi sun'iy yo‘ldosh yordamida, jumladan tabiiy ofatlar va favqulodda vaziyatlar vaqtida borish qiyin bo‘lgan hududlarda qutqaruvchilar uchun aloqa ta'minlanadi.

Xitoy hukumati sun'iy yo‘ldoshlarning keyingi uchirilish sanalarini oshkor qilmagan. Shunisi ma'lumki, 2017 yilda bunday parvozlardan oltita bo‘ladi, tarmoq esa 2025 yilgacha to‘liq ishlay boshlaydi.

Mavzuga oid
Top