20:51 / 13.04.2017
13885

Toshkentda avtomobillarni o‘margan guruh a'zosi qidirilmoqda

2017 yil 9 aprel kuni Chilonzor tumanida avtomobil o‘g‘irligi sodir etilgan. Toshkent IIBBda ma'lum qilishlaricha, noma'lum shaxslar Chilonzor tumani fuqarosi R.ga tegishli bo‘lgan Matiz rusumli avtomobilning o‘ng old eshigini noma'lum jism bilan ochib, salon ichida bo‘lgan 350 ming so‘mlik charmdan ishlangan sport poyabzali va 500 ming so‘m naqd pulni o‘g‘irlab, voqea joyidan yashiringan. 

Ushbu holat yuzasidan, Jinoyat kodeksining 169-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ish qo‘zg‘atilgan. Olib borilgan tezkor-tergov tadbiri natijasida ushbu jinoyatni sodir etishda muqaddam o‘g‘irlik jinoyati uchun sudlangan Baxtiyor Ismoilov va bir necha marta o‘g‘irlik jinoyatlarini sodir etganligi uchun qidiruvda bo‘lgan Ulug‘bek Mirsoatovlar gumonlanib, Ismoilov daliliy ashyo bilan qo‘lga olingan. 

Bundan tashqari, ular 2017 yil 4 fevral kuni Shayxontohur tumanida fuqaro S.ga tegishli Matiz rusumli avtomashinasidan jami 2 mln 287 ming 400 so‘mlik pul va qimmatbaho buyumlar, fuqaro M.ga tegishli bo‘lgan fuqarolik pasporti, haydovchilik guvohnomasi va boshqa hujjatlar hamda muhrlar o‘g‘irlangan. 

2017 yil 6 mart kuni ayni tumanda fuqaro R.ning Matiz mashinasidan jami 1 mln 165 ming so‘mlik pul va buyumlar o‘g‘irlangan. Ismoilovga nisbatan JKning 169-moddasi 3-qismi “a” bandi, ya'ni “bir guruh shaxslar tomonidan o‘zgalar mulkini yashirin ravishda talon-taroj qilish” bo‘yicha ayblov e'lon qilinib, unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi ko‘rilgan. Uning ikkinchi sherigi Mirsoatov Ulug‘bek shahar IIBB tomonidan qidirilmoqda. Shahar IIBB mazkur qidiruvda bo‘lgan shaxsni ko‘rgan-bilganlar bo‘lsa, 102 qisqa raqami yoki yaqin oradagi ichki ishlar idoralariga murojaat qilishlarini so‘raydi. 

Top