10:41 / 13.04.2017
20084

Toshkentda katta miqdordagi xorijiy valyutani o‘zlashtirgan bankirlar fosh etildi

Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi banklarning birida Jismoniy shaxslarga xorijiy valyuta sotish bo‘yicha konversion operatsiyalar bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Norpo‘lat Samandarov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) “davring keldi, sur begim” qabilida ish tutib, jinoiy to‘da yetakchiligini o‘z zimmasiga olgan holda juda ko‘p miqdordagi mablag‘larni talon-toroj qilib kelgan. Bu haqda “Birja” gazetasi yozmoqda.

N.Samandarov atrofiga shu bank mas'ullari T.Basharov va U.Rizayevlarni birlashtirib, 2015-2016 yillar mobaynida 238 nafar fuqaroning nomiga xalqaro to‘lov kartasi ochish, har biriga tushirilgan 2000 AQSh dollari miqdoridagi pullarni mamlakatdan tashqariga olib chiqib ketish va naqdlashtirish ishlariga bosh-qosh bo‘lgan. 

Samandarov vakolat va lavozimidan foydalanib, Basharov va Rizayevlar topgan kishilarni bankka hech qanday to‘siqlarsiz kirish va ishini muammolarsiz bitirib chiqish sharoitini ta'minlab bergan. Ya'ni, muayyan to‘lov evaziga pasporti orqali xalqaro to‘lov kartasi ochishga rozi bo‘lgan shaxslar bankka murojaat qilganida jinoiy to‘da boshlig‘i o‘ylab topgan parol: “Xitoyga bormoqchi edim, shunga viza karta ochdirmoqchiman” degan gapni aytishi lozim bo‘lgan. Boshliqlaridan shunday murojaat bilan kelganlarning ishini hech qanday to‘siq va moneliklarsiz bitirib berish haqida topshiriq olgan bank xodimlari o‘z vazifalarini bajarishdan o‘zga choralari qolmagan. Bunda 2000 AQSh dollari olish uchun keluvchi mijozlar ism-shariflarining bosh harflari to‘da a'zolari tomonidan ijrochining telefoniga SMS orqali yetkazib berilgan. 

Shu zayl N.Samandarov, T.Basharov va U.Rizayevlar 238 ta xalqaro plastik kartaga 481908 AQSh dollarini o‘tkazishga muvaffaq bo‘lganlar. Xo‘sh, shuncha pulni ular nima qildi, dersiz? To‘da a'zolari anoyi emas, ushbu faoliyatni rejalashtirganlarida kasb taqozosiga ko‘ra tez-tez xorijiy davlatlarga xizmat safariga borib keladigan tanishlari R.Bo‘riyev bilan o‘zaro til biriktirib olgan edilar. Ma'lum bo‘lishicha, Bo‘riyev savdo-sotiq bilan shug‘ullanib, ko‘plab chet davlatlarga borib turgan va shu bois xalqaro plastik kartalarni “qora bozor” narxidan biroz arzonroq qiymatda sotib olavergan. Davlatni aldash, iqtisodiyotga ziyon keltirish, birovlar haqiga xiyonat, noqonuniy daromad orttirish harakatlari bilan shug‘ullangan to‘da a'zolariga jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Olmazor tuman sudi tomonidan tegishli jazo tayin etildi.

Mavzuga oid
Top