08:22 / 13.04.2017
12257

Tramp AQSh va NATO Rossiya bilan "kelishib olishi"ga umid bildirdi

Foto: AP

AQSh davlat kotibi Reks Tillerson Rossiya hukumati vakillari bilan Moskvada bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda "AQSh va uning ittifoqchilari manfaatlarini ilgari surish bilan" "ajoyib ish qildi". Amerika prezidenti Donald Tramp NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg bilan Oq uyda o‘tkazgan qo‘shma matbuot anjumanida shunday bayonot berdi. 

"Men, shuningdek, davlat kotibimiz Reks Tillersonning NATOni mustahkamlashda bajargan ulkan ishini hamda Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchilarining manfaatlarini ilgari surish uchun Moskvaga safarini qayd etmoqchiman", - degan Tramp. 

Amerika yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, AQSh davlat kotibi Rossiya poytaxtida "juda muvaffaqiyatli" uchrashuvlarni o‘tkazgan. U, shuningdek, Moskvadagi muzokaralar kutilganidan ham yaxshiroq bo‘lgani ehtimolini bildirdi. 

"Yakuniy natijani ancha vaqtdan keyin ko‘ramiz. Suhbatlar asosiysi emas. O‘ylaymanki, eshitganlarimga qaraganda, hammasi kutilganidan ham yaxshi o‘tgan", -deya qayd etgan Oq uy rahbari. 

Tramp Qo‘shma Shtatlar va NATO Rossiya bilan "kelishib olishi"ga umid bildirdi. "Agar NATO va bizning mamlakatimiz Rossiya bilan kelishib olganida ajoyib bo‘lar edi. Hozirda, biz umuman kelisha olganimiz yo‘q", - degan Tramp. U ayni vaqtda ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar "eng quyi darajada" ekani xususida fikr bildirdi. 

"Ammo ko‘ramiz, nima bo‘larkin. Putin – Rossiya yetakchisi,  Rossiya – kuchli davlat. Biz - juda, juda kuchli davlatmiz. Ko‘ramiz, bundan nima chiqar ekan", - deb qo‘shimcha qilgan Amerika yetakchisi. 

Keyinroq, unga Yevropa mamlakatlari Rossiyadan nima kutishlari kerakligi xususida savol berildi. Rossiya ularga qanday tahdid solmoqda? "Umid qilamanki, alaloqibat, ularga hech narsa tahdid solmaydi. Ammo hozir qo‘rquv bor. Muammolar borligi ham aniq", - deb javob bergan prezident.

"Hozir bo‘layotgan voqealar - aqlsizlik. Qayoqqa qaramang – Yaqin Sharq, Ukraina – hamma yerda muammolar, juda ko‘p muammolar. Yakunda, o‘ylaymanki, biz bu muammolarning aksaridan qutilamiz. Va hech kim hech kimdan qo‘rqmaydi", - deya xulosa qilgan Tramp.

Mavzuga oid
Top