17:01 / 13.04.2017
5706

Turkiya YeI bilan vizasiz rejim talab qilmoqda

Anqara Yevropa Ittifoqi bilan viza rejimida erkinliklar joriy qilinishini istaydi. Turkiya TIV rahbari YeI migratsiya kelishuvining shu boradagi qismi bajarilishi kerakligini aytdi.

"Anqara YeI bilan viza rejimi soddalashtirilishi masalasi tartibga solinishi uchun harakat qiladi. Muhojirlik kelishuvi shartlaridan biri bo‘lmish viza rejimi liberallashtirilishi amalda qo‘llanishi kerak", deya turkiyalik vazirning so‘zlarini keltirgan Anadolu.

Uning qo‘shimcha qilishicha, 16 aprel kuni o‘tkaziladigan konstitutsion islohot bo‘yicha referendumdan keyin Anqara YeIga ushbu masala bo‘yicha o‘z takliflarini yo‘llaydi.

2016 yilning martida  Yevroittifoq va Turkiya o‘rtasida migratsiya kelishuvi imzolangan edi. Unga ko‘ra, YeI taqdim etgan mablag‘lar evaziga (Bryussel buning uchun 2019 yilgacha 6 milliard yevro ajratishi kerak) Turkiya Yaqin Sharqdan chiqqan qochqinlarni o‘z hududida olib qoladigan bo‘ldi, natijada Yevropaga noqonuniy muhojirlar oqimi sezilarli darajada kamaydi, Turkiyadagi qochqinlar soni 3 millionga yaqinlashdi. 

Kelishuvning qo‘shimcha qismi Turkiyaning YeIga kirishi haqidagi muzokaralarning yangilanishi hamda turk fuqarolari uchun Yevroittifoqning barcha davlatlariga vizasiz tartibni joriy etish haqida edi. 

O‘tgan oyda Niderlandiya hukumati o‘z hududiga turkiyalik vazirlarni qabul qilmaganidan so‘ng ikki davlat o‘rtasida diplomatik mojaro yuzaga keldi. Niderlandiyaning xatti-harakatlariga javoban Turkiya hukumati migratsiya kelishuvini bekor qilish tahdidi bilan chiqmoqda. 

Avvalroq Turkiyaning YeI ishlari bo‘yicha vaziri Omer Chelik agar Bryussel Turkiya fuqarolari uchun viza cheklovlarining bekor qilinishi sanasini belgilamasa, unda Turkiya Yevropa Ittifoqi bilan migratsiya kelishuvi doirasidagi majburiyatlarini bajarishdan to‘xtatishini aytgandi.

Top