19:31 / 14.04.2017
39068

AQSh Afg‘onistonga tashlagan yirik bomba nimasi bilan o‘ziga xos?

AQSh harbiy-havo kuchlari Afg‘onistonda IShIDga qarshi qo‘llangan eng katta noyadroviy bomba GBU-43’ning sinovi videosini 13 aprelda tvitterda joylashtirdi. Bomba klasterli nishonlar, jumladan yer ostida joylashgan bunkerlar, tunnellarga qarshi ayniqsa samarali qurol hisoblanadi. Qachondir jangda qo‘llangan eng katta noyadroviy bomba IShID jangarilari tomonidan qo‘llanuvchi g‘orlar va tunnellar tarmog‘i ustidan tashlandi. Pentagon vakili Adam Stampning ma'lum qilishicha, bomba Pokiston bilan chegaradosh Nangarhor viloyatining Achin tumaniga MS-130 samolyotidan tashlandi. Bombaning og‘irligi  9797 kg ni tashkil qiladi. 

Bu turdagi bombani Iroqdagi urush vaqtida qo‘llash rejalashtirilgan, biroq ish bungacha bormagan. Reuters axborot agentligining ma'lum qilishicha, AQSh bunday kuchdagi bombani jangovar sharoitlarda ilk bor qo‘lladi.

Xo‘sh, ushbu bomba nima bilan o‘ziga xos?

Norasmiy nomi "barcha bombalarning enasi" – MOAV (Mother of all bombs) bo‘lgan ushbu bomba fugas aviabombasi sanalib, 2002-2003 yillarda AQShda yaratilgan. Bombaning uzunligi 9,17 metrni, diametri 102,9 sm ni, og‘irligi 9,5 tonnani tashkil qiladi. Bomba og‘irligining 8,4 tonnasi Avstraliyada ishlab chiqarilgan N-6 portlovchi moddasiga to‘g‘ri keladi. Bu modda geksogen, trotil va alyumin kukunidan iborat bo‘lib, ushbu moddani trotildan 1,35 marta kuchliroq qiladi. Bombaning portlash kuchi trotil evivalentida 11 tonnani, ta'sir doirasi 140 metrga yaqinni tashkil qiladi.  

Bombada inertsial va sun'iy yo‘ldosh navigatsiyasi tizimlariga ega KMU-593/B nishonga olish tizimi qo‘llangan. MOAB samolyot ichidagi platformaga o‘rnatiladi. Platforma parashyut yordamida tortilib, samolyot orqasidagi lyukdan tashlanadi. So‘ngra bomba tezlikni yo‘qotmaslik uchun platforma va parashyutdan ajralib, mustaqil ravishda nishon tomon yo‘naladi.

Ba'zi ma'lumotlarga ko‘ra, Rossiya harbiy-havo kuchlari ixtiyorida yuqori kuchdagi aviatsion vakuum bomba (AVBPM – Aviatsionnaya vakuumnaya bomba povyshennoy moshchnosti) mavjud bo‘lib, u "barcha bombalarning otasi" deb ham ataladi. Bu bomba dunyodagi eng kuchli noyadroviy jangovar snaryad hisoblanadi. MOABga nisbatan bu bombaning og‘irligi kamroqni tashkil qiladi, biroq nanotexnologiyalar qo‘llanishi hisobiga 4 marta kuchliroqdir va bir vaqtning o‘zida MOAVdan 20 marta kattaroq maydonga shikast yetkazishi mumkin. Maxfiylik nuqtai nazaridan, ushbu bombaning ko‘p ko‘rsatkichlari noma'lumligicha qolmoqda. 

Rossiya qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i o‘rinbosari Aleksandr Rukshinning aytishicha, Rossiya bombasining sinovlari uni samaradorlik va imkoniyatlar bo‘yicha yadroviy snaryadga qiyoslash mumkinligini ko‘rsatgan. Shu bilan birga, bu bomba yadroviy bombadan farqli o‘laroq, atrof-muhitni ifloslantirmaydi.

      
 

Top