23:38 / 14.04.2017
46954

MXX yuqori sifatdagi qalbaki dollar yetkazib berish kanali faoliyatiga chek qo‘ydi

Foto: Flickr

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati boshqarmasi xodimlari Turkiyadan O‘zbekistonga Qirg‘iziston orqali yirik partiyadagi qalbaki dollarlar yetkazib beriladigan kanal faoliyatiga chek qo‘yishdi. Bu haqda Sputnik axborot agentligi xabar bergan.  

Navbatdagi qalbaki dollarlar partiyasini olib o‘tayotgan kurer Kosonsoy tumanidagi "Obod" postida qo‘lga olingan. 40 yoshli Abdulhamid Xo‘jayev boshqargan "VAZ 2106" rusumidagi mashina ko‘zdan kechirilganda, avtomobilning tirsakqo‘ygichidagi maxsus bo‘limda 19,4 ming qalbaki dollar topilgan. Haydovchi ushbu dollarlarni Qirg‘izistonning 47 yoshli fuqarosi, asli Namangan viloyati Chortoq tumanidan bo‘lgan va ayni vaqtda Turkiyada yashayotgan Mansur Suvonovdan olganini tan olgan.  
Xo‘jayevning aytishicha, Suvonov qalbaki dollarlarni Turkiyadan O‘zbekistonga maishiy tovarlar qutilarining devorlari orasiga yashirgan holda jo‘natgan. Xo‘jayev  esa bu dollarlarni O‘zbekiston hududida o‘tkazish bilan shug‘ullangan.

"Abdulhamid Xo‘jayevning ko‘rsatmalariga asosan, uning tanishi Islomxon Saidovning uyida tintuv o‘tkazilgan va 100 dollarlik qiymatdagi yana ikkita qalbaki kupyura aniqlangan", deb aytildi MXXda.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, 1996 va 2000 yillardagi namunadagi 100 dollarlik 196 ta kupyura qalbaki deb tan olingan. Mutaxassislarning fikricha, bu dollarlar maxsus qolip (klishe) yordamida yuqori sifatda tayyorlangan. Dollarlarda shuningdek maxsus suv belgilari, barmoqlarga seziluvchi va haqiqiy dollar kupyuralariga xos bo‘lgan qavariqlar bo‘lgan. Xo‘jayev va Saidovga nisbatan Jinoyat kodeksining 176-moddasi ("Qalbaki pullar, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlarni yasash, ularni o‘tkazish) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. 

Ma'lum qilinishicha, jinoiy guruh yetakchisi Mansur Suvonov O‘zbekiston hududidagi qalbaki dollarlar kontrabandasiga taalluqli yana boshqa jinoyatlarga ham aloqador. Bu yilning yanvar oyida Qirg‘iziston huquq-tartibot idoralari xodimlari Suvanovning o‘g‘li J.Umarovni 56 ming qalbaki dollarni olib ketayotganda qo‘lga olganlar. Bu pullar Suvonov tomondan Turkiyadan Qirg‘izistonga jo‘natilgan. Shuningdek, fevral oyida Namangan viloyati IIB Suvonovning qalbaki dollarlarni o‘tkazish bilan shug‘ullangan qarindoshi J.Ergashxonovga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atgandi.

Top