19:49 / 14.04.2017
59169

Prezident tashrifi vaqtida Chilonzor tumani «to‘rtligi» ishdan olingan

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 12 aprel kungi tashrifi davomida Chilonzor tumani hokimi Mirhidoyatov Tohir Sharopovich ishdan olingan. U bilan birga tuman prokurori, tuman davlat soliq inspeksiyasi rahbari hamda tuman Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimini tark etgan. Bu ma'lumot «Kun.uz» so‘roviga ko‘ra Toshkent shahri hokimiyati tomonidan tasdiqlandi.

Chilonzor tumani hokimiyati binosida bo‘lib o‘tgan majlisda Mirhidoyatov boshchiligidagi rahbarlar tumandagi infratuzilmaning qoniqarsizligi, yo‘llarning holati uchun prezident tomonidan keskin tanqid qilingan. Prezident Chilonzor tumani aholisidan juda ko‘plab shikoyatlar tushgani haqida eslatib o‘tgan.

Hozircha tumanga yangi hokim tayinlanmadi.

Tuman militsiyasi boshlig‘i, polkovnik Abdumajid Shermuhamedov o‘rniga esa podpolkovnik Shavkat Tohirovich Mavlonov tayinlangan. Tumanning yangi prokurori va yangi soliq boshlig‘i haqida ma'lumot yo‘q.

O‘zbekistonda endilikda muayyan hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun faqatgina hokimning o‘zi javob bermayapti. Qaysi tuman yoki shaharda hokim ishdan olinadigan bo‘lsa, «to‘rtlik»ning barcha vakillari — hokim, prokuror, militsiya boshlig‘i, DSI boshlig‘i ishdan ketadi. Bu jamoaviy javobgarlik hisoblanadi.

Bundan oldinroq, 30 mart kuni o‘tkazilgan videoselektorda ham Toshkent shahrining Yunusobod tumani rahbariyati shu tartibda ishdan olingandi.

Top