12:42 / 14.04.2017
94844

O‘zbekiston Stokholmdagi terrorchi Rahmat Oqilov haqida rasman ma'lumot berdi

Foto: Aftonbladet

Rasmiy Toshkent Stokholmdagi teraktni sodir etgan Rahmat Oqilov IShID a'zosi bo‘lganini tasdiqladi. Bu haqda O‘zbekiston TIV rahbari Abdulaziz Komilov jurnalistlar bilan uchrashuv vaqtida ma'lumot bergan.

«Xorijda bo‘lish mobaynida u internet tarmog‘i orqali xalqaro IShID terroristik guruhi emissarlari tomonidan og‘dirib olingan. Mavjud ma'lumotlarga ko‘ra, o‘z vatandoshlarini Suriyada IShID tomonida jangovar harakatlarda ishtirok etishga faol targ‘ib qilib kelgan. Ko‘p marta internet-messenjerlari orqali O‘zbekistondagi yaqinlariga terroristik mazmundagi videoroliklarni jo‘natib turgan va ularni O‘zbekiston hokimiyat, boshqaruv organlari, huquqni muhofaza qilish tuzilmalari xodimlariga qarshi zo‘ravonlik harakatlarini amalga oshirishlari uchun og‘dirishga harakat qilgan.

Oqilovga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 127, 244 va 244−1 moddalarida ko‘zda tutilgan jinoyatlarni amalga oshirganlik uchun jinoiy ish ochilgan.

Samarqand huquq-tartibot organlari tomonidan Stokholm shahridagi teraktni sodir etgan Oqilovga nisbatan Jinoyat kodeksining qator moddalari bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan va Shvetsiyaning maxsus xizmatiga tegishli chora ko‘rish uchun yuborilgan», degan Komilov.

Eslatib o‘tamiz, 7 aprel kuni Rahmat Oqilov Shvetsiya poytaxti Stokholm shahrida yuk mashinasini olib qochib odamlar ustiga haydadi. Ushbu hujum oqibatida 4 kishi qurbon bo‘lib, 15 kishi jarohat oldi.

Ko‘p vaqt o‘tmasdan mahalliy politsiya o‘zbekistonlik Rahmat Oqilovni ushbu terakt ijrochisi sifatida gumon qilib qo‘lga oldi. Gumonlanuvchi o‘z aybiga iqror bo‘ldi. 

Samarqandda 1978 yilda tug‘ilgan Rahmat Oqilov 2014 yili Shvetsiyada doimiy yashash uchun so‘rov bergan, biroq 2016 yilda uning so‘roviga rad javobi berilgan va u deportatsiya qilinishi lozim edi. 2017 yil fevralida u mamlakatdan chiqarib yuborish uchun qidiruvga berilgan.

Rahmat Oqilov fevral oyida O‘zbekiston tomonidan qidiruvga berilgandi

Top