00:15 / 15.04.2017
22918

Pentagonda Afg‘onistonga superbomba tashlanishi sabablari tushuntirildi

Foto: Eglin Air Force Base

Amerikalik harbiylar eng katta noyadroviy bombaning Afg‘onistonda IShIDga qarshi qo‘llanishi to‘g‘ri bo‘lganini ta'kidlashmoqda. Bu haqda CNN axborot agentligi xabar bermoqda.  

GBU-43/B bombasining tashlanishiga bag‘ishlangan matbuot-anjumanda jurnalistlar AQShning Afg‘onistondagi kuchlari qo‘mondoni general Jon Nikolsonga bunday kuchli bombaning qo‘llanishi qanchalik to‘g‘ri bo‘lgani haqida savol berishgan. "Taktik jihatdan bomba to‘g‘ri nishonga to‘g‘ri vaqtda qo‘llangan", deb javob bergan general.

Shu bilan birga, Nikolson bomba kimning buyrug‘i bilan tashlangani haqidagi savolga javob berishdan qochgan. Nikolson amerikalik harbiylar operatsiyaga tayyorgarlikni tinch aholi o‘rtasida qurbonlar bo‘lmasligi uchun afg‘on hukumati bilan birgalikda amalga oshirganlarini ma'lum qilgan.

Afg‘onistonning AQShdagi elchisi Hamidulla Mohibaning aytishicha, bombaning tashlanishiga AQSh va Afg‘oniston qo‘shinlari hamda terrorchilar o‘rtasidagi janglarning bir hafta ichida avj olib ketgani sabab bo‘lgan. Qo‘shinlarning oldinga siljishi qiyin bo‘lgan, chunki IShID jangarilari hududni minalab tashlashgan.

AQShlik harbiylar bomba tashlangan hududda 600-800 nafar jangari bo‘lganini taxmin qilishgan, biroq ular bu zarba bilan qancha terrorchini yo‘q qilishni mo‘ljallashgani noaniqligicha qolgan.  

AQSh bombani 13 aprelda jangarilarning Nangarxor viloyatidagi tunnellar tizimiga qarshi qo‘llagan. Pentagonning ma'lum qilishicha, zarba oqibatida 36 terrorchi o‘lgan. Keyinroq OAVda jangarilar hech qanday talofat ko‘rmaganlari haqida ma'lumot paydo bo‘lgan.

Mavzuga oid
Top