15:33 / 16.04.2017
8804

Fransiya prezidentligiga nomzodlar xavfdan ogohlantirildi

Fransiya Ichki xavfsizlik bosh boshqarmasi mamlakat prezidentligi uchun nomzodlarni saylovoldi jarayoni vaqtida ekstremistlar tomonidan jiddiy xavf mavjudligi haqida ogohlantirdi.

Le Journal du Dimanche nashrining yozishicha, ogohlantirish haqida bildirishnomalar o‘tgan haftada nomzodlarning shtablariga yo‘llangan. Shuningdek, ularni qo‘riqlashga mas'ul bo‘lgan politsiya xizmatlariga tegishli ma'lumotlar taqdim etilgan.

«Terrorchilik xavfi yuqori darajada, barcha xizmatlarimiz shay holatga keltirilgan», — deya ma'lum qilgan Fransiya IIV rahbari Mattias Fekl.

Fransiya prezidenti lavozimiga nomzodlar o‘n bir kishidan iborat. Ularning besh nafari saylovoldi so‘rovlarida yetakchilik qildi, bular — o‘ng «Milliy front» raisi Marin Le Pen, «Olg‘a» partiyasi yetakchisi, sotsial-liberal Emmanuel Makron, o‘ng markazchilarning «Respublikachilar» partiyasidan nomzod Fransua Fiyon, «Sotsialistik partiya» praymerizi g‘olibi Benua Amon va o‘ta so‘llar vakili, «Bo‘ysunmagan Fransiya» asoschisi Jan-Lyuk Melanshon.

«Olg‘a» partiyasidan nomzod Emmanuel Makron saylovoldi munozaralarning birinchi raundida eng yaxshi ko‘rsatkichni namoyon qilgan.

Top