12:08 / 16.04.2017
13743

Legionerlar. Rashidov, Abduxoliqov va Tursunov Qatarda mavsumni gollar bilan yakunlashdi (Video)

14-15 aprel kunlari Qatar Yulduzlar ligasida mavsumning oxirgi tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.

Ushbu chempionatda to‘p suruvchi o‘zbekistonlik futbolchilar mavsumni ko‘tarinki ruhda yakunlashdi. Avvaliga «As-Sayliya» a'zosi Temurxo‘ja Abduxoliqov dubl qayd etib, jamoasining to‘purari sifatida mavsumni yakunladi, keyingi kunda Sardor Rashidov («Al-Jaish») va Sanjar Tursunov («Al-Haraytiyat») o‘z jamoalari safida gollarga mualliflik qilishdi.

Abduxoliqov a'zosi bo‘lgan «As-Sayliya» klubi o‘z maydonida «Al-Vakra» ustidan 3:1 hisobida zafar quchdi. Abduxoliqov o‘yindagi birinchi va oxirgi gollarni urdi. «As-Sayliya» safidagi yana bir o‘zbekistonlik futbolchi Sanjar Shoahmedov ham o‘yinda ishtirok etdi.

Mavsumning ikkinchi davrasida «As-Sayliya» safiga qo‘shilgan Temurxo‘ja Abduxoliqov 10ta o‘yinda maydonga tushib, 7ta gol urdi.  U mavsum davomida shuncha gol urgan (24ta o‘yinda) jamoadoshi Muhammad Muttazir bilan bir xil natija qayd etdi.  «As-Sayliya» mavsumni 31 ochko to‘plagan holda 8-o‘rinda yakunladi.

Sardor Rashidov va «Al-Jaish» mavsumni mag‘lubiyat bilan yakunladi. «As-Sadd»ga qarshi kechgan va 1:2 hisobidagi mag‘lubiyat bilan yakunlangan o‘yinda Rashidov Van Basten uslubida gol urdi. «Al-Jaish» 45 ochko bilan mavsumni 4-o‘rinda yakunladi. «As-Sadd» bu g‘alabadan so‘ng ochkolari sonini 61taga yetkazib oldi va turnirning kumush medal sovrindoriga aylandi. 

Sardor Rashidov mavsumda 24ta uchrashuvda ishtirok etib, 13ta gol urdi. U Yulduzlar ligasi to‘purarlari jadvalida 7-o‘rinda joylashdi.

O‘zbekistonlik yana bir futbolchi Sanjar Tursunov to‘p surayotgan «Al-Haraytiyat» jamoasi mavsumning oxirgi turida «Al-Garafa»ni qabul qildi.

Uchrashuvning 9-daqiqasida Sanjar Tursunov hisobni ochuvchi golni urdi. O‘yinda Tursunov jamoasi 2:0 hisobida g‘alaba qozonib, mavsumni 34 ochko bilan 7-o‘rinda tugatdi. Ikkinchi davrada jamoaga qo‘shilgan Tursunov 13 uchrashuvda asosiy tarkibda harakat qilib, 2ta gol urdi.

Qatar chempionatida «Lahviya» 63 ochko bilan chempion bo‘ldi. Ikkinchi o‘rinni «Al Sadd» (61 ochko), uchinchi o‘rinni «Al Rayyan» (51 ochko) egalladi. «Al Muaydar» va «Al Vakra» ligani tark etdi.

Shu tariqa, Qatardagi o‘zbekistonlik futbolchilar mavsumni yakunlashdi. Ushbu futbolchilar keyingi mavsumda ham Qatarning birinchi ligasida ishtiroklarini davom ettirishadi.

Mavzuga oid
Top