08:15 / 16.04.2017
13948

Olimlar smartfon egalarida umurtqa churrasi paydo bo‘lishi sababini aniqlashdi

Amerikalik olimlar smartfon egalari bellarining yuqori qismi va bo‘yinlarida gadjyetlardan foydalanmaydiganlardan ertaroq og‘riq sezishni boshlashlarini aniqlashdi. Bu haqda The Spine Journal nashrida chop etilgan tadqiqot natijalariga iqtibos keltirgan holda Reuters axborot agentligi xabar bermoqda

Ortoped-jarrohlar Todd Lanman va Djyeyson Kuellar belda qattiq og‘riqdan yoki umurtqa disklaridagi churradan aziyat chekuvchi yoshlar soni o‘sayotganini qayd qilishgan. Ular rentgen tasvirlarni tahlil qilib, bu bemorlarda bo‘yinning noodatiy bukikligini aniqlashgan. Bunga esa ularning kun davomida bir necha soat smartfondan foydalanishlari olib kelgan. 

Olimlarning fikricha, qo‘llarda smartfon bilan uzoq vaqt o‘tkazuvchilar boshlarini egik tutadilar, bu esa umurtqaga bosimni ancha oshiradi. Misol uchun, odam tik turganda uning boshi 4,5-5,5 kilogramm keladi, biroq uni 60 gradusga egganda, umurtqaga tushadigan bosim 27 kilogrammga teng bo‘ladi! 

Olimlar buning oldini olish chorasi sifatida smartfon egalariga bo‘yinga tushadigan yuklamani kamaytirishni taklif qilishmoqda, misol uchun, telefonda matn terilayotganda uni yuzning ro‘parasida, ko‘zlar bilan bir balandlikda ushlash kifoya qiladi. Shuningdek, olimlar umurtqa simmetrik va qulay vaziyatda turishi uchun matnlarni ikkala qo‘l barmoqlari bilan terish lozimligini uqtirmoqdalar.

Mavzuga oid
Top