O'zbekiston-Tojikiston chegarasida noxush voqea yuz berdi, bir kishi qurbon bo'ldi

Jamiyat 17 Aprel 2017 112810

O'zbekiston MXX Davlat chegarasini qo'riqlash qo'mitasi Surxondaryo viloyatidagi O'zbekiston-Tojikiston chegarasida yuz bergan noxush voqea haqida xabar qildi, deb yozmoqda Sputnik nashri.
 
Qo'mita xabariga ko'ra, 15 aprel kuni soat 18:10 da Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani Quruqsoy aholi punkti yaqinida Tojikiston tomonidan O'zbekiston hududiga qoramol podasi o'tgan. Belgilangan chegara chizig'iga muvofiq, O'zbekiston chegarachilari qoramol podasini Tojikiston hududiga qaytarib hayday boshlagan.

"Qaytarib haydash vaqtida chegarachilarga Tojikiston tomonidan uch nafar noma`lum shaxs O'zbekiston hududining 50 metr ichkarisiga kirib, ushbu hudud Tojikistonga tegishli ekanini aytgan va haqoratli gaplar bilan janjal chiqarishga uringan", — deyilgan MXX DChQQ xabarida.

Noma`lum shaxslar chegarachilarning Tojikiston hududiga qaytish talabiga bo'ysunmagan, aksincha, ular pichoq va tayoqlar bilan O'zbekiston chegarachilarga hujum qilgan.

"O'z hayotini himoya qilish, hujumni qaytarish va shaxsiy qurolini egallab olinishiga yo'l qo'ymaslik uchun, chegara qo'riqchilari O'zbekiston qonunlariga muvofiq holda, chegarabuzarlarga nisbatan qurol ishlatdi. Natijada, qoidabuzarlardan biri, Tojikiston Respublikasi fuqarosi Tursunzoda tumanining, Shlyum aholi punktida yashovchi Asliddin Shoimov olingan jarohatlardan qurbon bo'ldi, qolgan qoidabuzarlar Tojikiston hududida yashirinishga muvaffaq bo'lishgan", — deyilgan matbuot xizmati xabarida.

Chegara qo'riqchilari bosh va bo'ynidan turli jarohatlar olgan. Ushbu holat yuzasidan O'zbekiston Respublikasi huquqni saqlash organlari tomonidan jinoiy ish qo'zg'atildi.

 

Ko'proq yangiliklar: