17:08 / 17.04.2017
9921

Zidanning «Real»da qolishi masalasi hal qilib bo‘lingan

«Real» jamoasi bosh murabbiyi Zinedin Zidan keyingi mavsumda ham jamoada qoladi. Marca xabariga ko‘ra, jamoa prezidenti Florentino Peres yangi mavsumda jamoa bosh murabbiyi kim bo‘lishi haqida bir qarorga kelgan.

Xabarda aytilishicha, Peres bosh murabbiy Zinedin Zidan bilan uchrashib, kelasi mavsumda ham unga ishonch bildirilishini aytgan. Ya'ni, joriy mavsum yakunida natijalar qanday bo‘lishidan qat'i nazar, Zidan «Real»dan ketmaydi.

Zidan 2016 yilning yanvarida iste'foga chiqarilgan Rafael Benites o‘rniga shoshilinch ravishda tayinlangandi. O‘tgan vaqt ichida uning boshchiligidagi jamoa Chempionlar ligasi, UYeFA Superkubogi va klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘olib chiqdi.

Uning madridliklar jamoasi bilan amaldagi shartnomasi 2018 yil iyuniga qadar tuzilgan, ammo hozircha tomonlar shartnoma muddatini uzaytirish bo‘yicha muzokara boshlamagan.

«Real» ayni vaqtda Ispaniya chempionati turnir jadvalida zaxirada bir o‘yin bor holida eng yaqin ta'qibchisi «Barselona»ni 3 ochkolik farq bilan ortda qoldirmoqda. Madridliklar YeChLning chorak finalida, jamoa «Bavariya»ga qarshi birinchi uchrashuvni safarda o‘tkazib, 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. 

Zidan keyingi mavsum bo‘yicha reja tuzishni ham boshlagan. Xususan, u yozgi transferlar va mavsum oralig‘idagi o‘rtoqlik uchrashuvlari bo‘yicha ishlamoqda.

Top