14:17 / 18.04.2017
16260

Avstraliya hukumati xorijliklar uchun asosiy ishchi vizani bekor qildi

Avstraliya bosh vaziri Malkolm Ternbull qisqa muddatli ishchi vizalar bekor qilingani va mamlakatda ishlash uchun viza olish talablari kuchaytirilganini ma'lum qildi. 

"Avstraliyaliklar mamlakatda ishga joylashishda imtiyozga ega bo‘lishlari lozim. Shu boisdan biz xorijliklarning mamlakatimizda vaqtincha ishlashlariga imkon beruvchi 457 viza shaklini bekor qildik", — degan Ternbull Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasiga joylagan videomurojaatida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, endilikda, yangicha vizalarni "o‘z sohasining ustalari bo‘lgan" ishchilargina olishadi. Bosh vazirning qo‘shimcha qilishicha, mazkur hujjatni olish uchun ingliz tilini yaxshiroq bilan va sohada ish tajribasiga ega bo‘lishi talab etiladi. 

Reyter agentligiga ko‘ra, yangi viza turi ikki yilga beriladi. Keyingi viza muddati 4 yilga o‘zgartiriladi. Biroq, buning uchun ingliz tilini yanada chuqurroq bilish talab etiladi. 

457-sonli ishchi vizasi 1996 yilda ta'sis etilgan bo‘lib, Avstraliya mehnat bozoriga xorijiy ishchilari jalb qilishning asosiy vositasi bo‘lib qolayotgan edi. Uning muddati 4 yilni tashkil etar edi. 

Mavzuga oid
Top