17:37 / 18.04.2017
28782

«Uddalab bo‘lmas topshiriq». YeChL markaziy uchrashuvi haqida

Yevropa chempionlar ligasining 1/4 final javob uchrashuvlariga bugun start beriladi. Kunning markaziy uchrashuvini «Real» o‘z maydonida «Bavariya»ga qarshi o‘tkazadi. Tribuna.Uz bo‘lajak to‘qnashuv haqida batafsil ma'lumot berib o‘tadi.

Real - Bavariya (18 aprel, Toshkent vaqti bilan 23:45, UzReport, Match TV)

Myunxenda kechgan birinchi uchrashuvda Krishtianu Ronaldu tomonidan kiritilgan ikki gol «Real»ga 2:1 hisobidagi g‘alabani keltirgandi. Bu javob uchrashuvi oldidan madridliklarga yarim finalga yo‘llanma olish uchun yaxshigina imkoniyatni hosil qildi.

O‘yin oldidan
«Real Madrid»

«Real» «Bavariya» ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng Ispaniya chempionatida Xixonning «Sporting» klubi mehmoni bo‘lib, irodali g‘alabaga erishdi. Zidan shogirdlari ikki marta hisobda ortda borganiga qaramasdan, g‘alabani o‘z tomoniga og‘dirishga muvaffaq bo‘ldi va «Barselona» bilan oradagi farqni saqlab qoldi. Jamoa hamon Ispaniyada yaqqol peshqadam bo‘lib turibdi. 

«Bavariya»
Karlo Anchelotti jamoasida esa natijalar bo‘yicha vaziyatni yaxshi deb bo‘lmaydi. «Bavariya» chempionlik uchun raqobatchi jamoadan xoli bo‘lishiga qaramay, so‘nggi ikki turda ko‘rsatgan o‘yini bilan muxlislarini ranjitdi. Avvaliga «Hoffenhaym»ga yutqazgan jamoa, o‘tgan turda «Bayyer» uyidan g‘alabasiz qaytdi. Endilikda «Bavariya» va «Leyptsig» o‘rtasidagi ochkolar farqi 8tagacha qisqargan.

O‘yinoldi qiziqarli faktlar

— Serxio Ramos Yevropa chempionlar ligasida o‘zining 100-uchrashuvini o‘tkazishi mumkin;
— bu «Real» va «Bavariya» o‘rtasidagi 24-uchrashuv bo‘ladi. Boshqa birorta juftlik yevrokuboklarda bunchalik ko‘p o‘zaro duch kelishmagan;
— «Real» YeChLda o‘z uyida o‘tkazgan so‘nggi 12 o‘yinda biror marta ham mag‘lubiyatga uchramagan (10 G‘, 2 D);
— «Bavariya» joriy mavsumda YeChLda mehmonda o‘tkazgan 4 o‘yinning 2tasida («Atletiko» va «Rostov») mag‘lubiyatga uchragan;
— agar Krishtianu Ronaldu bu uchrashuvda het-trikka erishsa YeChL tarixida 100ta gol urgan birinchi futbolchiga aylanadi. Hozirda uning hisobda musobaqada urilgan 97 gol mavjud.

O‘zaro o‘yinlar

Barcha musobaqalar, o‘rtoqlik uchrashuvlarini qo‘shib hisoblasak, ikki jamoa o‘zaro 25 marta duch kelishgan va unda ustunlik «Bavariya» tomonida bo‘lib turibdi. 12 g‘alaba myunxenliklarda, 11 g‘alaba «Real» tomonida, 2 uchrashuvda durang qayd etilgan. YeChLda esa «Bavariya»da 11ta, «Real»da 10ta g‘alaba mavjud. 

Biroq Madridda kechgan uchrashuvlarda «Bavariya»ning omadi har doim ham chopavermagan. Madridda o‘tgan so‘nggi beshta uchrashuvning barchasida «Real» g‘alaba qozongan (2012 yil o‘yinda «Real» g‘alaba qozongan bo‘lsada, penaltilar seriyasida «Bavariya» muvaffaqiyat qozongan). Oxirgi 10 o‘yinning faqat ikkitasida «Bavariya» g‘alaba qozongan. Jamoa so‘nggi marta Madridda 16 yil muqaddam 2001 yilning 1 may kuni g‘alaba bilan qaytgan. O‘sha yili «Bavariya» YeChL bosh sovrinini qo‘lga kiritgandi.

Yo‘qotishlar
«Real» tarkibida markaziy himoyachilar Pepe va Rafael Varan, hujumchi Garet Beyl jarohati sabab maydonga tusha olmaydi. Serxio Ramos Luka Modrich va Toni Kroos navbatdagi sariq kartochkani ishlasa, keyingi uchrashuvni o‘tkazib yuborishi mumkin.

«Bavariya» tarkibida birinchi uchrashuvda qizil kartochka olgan Xavi Martines maydonga tusha olmaydi. Robert Levandovski maydonga tushishga tayyor. Mats Hummels va Jyerom Boatengning ishtiroki esa so‘roq ostida qolmoqda. Agar Boateng maydonga tushsa va sariq kartochka olsa (shuningdek Vidal ham) keyingi uchrashuvni o‘tkazib yuborishi kerak bo‘ladi.

Taxminiy tarkiblar

Ikki markaziy himoyachisidan ayrilgan «Real» bu uchrashuvda Nacho va Serxio Ramos xizmatidan foydalanishi kutilmoqda. Shuningdek Garet Beylning o‘rni Isko bilan to‘ldiriladi. «Bavariya»da esa Martinesning diskvalifikatsiyasi va Boateng hamda Hummelsning ishtiroki so‘roq ostida qolgani sabab markaziy himoyada Xabi Alonso va David Alaba juftligini ko‘rishimiz ham mumkin. UYeFA rasmiy sayti ham xuddi shu fikrda sobit qolmoqda.

Real Madrid: Navas; Karvaxal, Nacho Ramos, Marselo; Kroos, Kazemiro, Modrich; Isko, Benzema, Ronaldu.
Bavariya: Noyyer; Lam, Alonso, Alaba, Bernat; Vidal, Tyago; Robben, Riberi; Levandovski, Myuller.

Mavzuga oid
Top