22:04 / 19.04.2017
9246

Alyuminiyning dunyo bo‘yicha zaxiralari maksimal sur'atlar bilan kamaymoqda

London metallar birjasi (LME) tomonidan kuzatib boriluvchi alyuminiyning omborlardagi zaxiralari bir kun ichida 1,9 foizga, ya'ni 1,71 mln tonnagacha kamayib ketdi. Bundan birjaning 19 aprelda chop etgan ma'lumotlari darak bermoqda. Ushbu kamayish sur'atlari 1995 yildan beri, ya'ni 22 yil ichida eng maksimal ko‘rinishda bo‘ldi.

Alyuminiy zaxiralari ketma-ket 35-kun qisqarmoqda va 2008 yildan beri minimum qiymatga yetgan. Ushbu metall zaxiralari Osiyo davlatlarida jadal kamaymoqda. 

Ishlab chiqaruvchilar alyuminiy yetkazib berishni kamaytirayotgan bir paytda unga talab oshmoqda. 

18 aprelda Xitoy ishlab chiqarish quvvatlari va elektr energiya iste'molini cheklashga hamda ekologik holatning yaxshilanishiga qaratilgan 2015 yilda qabul qilingan qoidalar buzilishi sababli ba'zi alyuminiy loyihalarini to‘xtatishga qaror qilgan. 

19 aprelda alyuminiy narxi 0,8 foizga oshgan va 1 tonnasi uchun 1907 dollarni tashkil qilmoqda. Yil boshidan bu metall 13 foizga qimmatlashgan hamda rangli metallar o‘rtasida bu borada yetakchi bo‘ldi.

Mavzuga oid
Top