17:22 / 19.04.2017
14563

«Barselona» uchun yana bir sinov. Kunning eng markaziy uchrashuvi haqida

Yevropa chempionlar ligasining 1/4 finalidan o‘rin olgan so‘nggi uchrashuvlar bugun bo‘lib o‘tadi. Tribuna.Uz kunning markaziy uchrashuvi oldidan o‘yinoldi ma'lumotlariga batafsil to‘xtaladi.

«Barselona» - «Yuventus» (19 aprel, 23:45, UzReport, Match TV)

1/8 finalda «PSJga qarshi super kambekni amalga oshira olgan «Barselona»ni har qanday hisobda mag‘lubiyatga uchramasin, hech kim muddatidan oldin musobaqadan «chiqarib yuborish»ga jur'at qila olmayapti. Shu boisdan ham Turinda qayd etilgan 3:0 hisobidagi natijadan keyin ham «Barselona» navbatdagi tarixiy g‘alabani qayd etishi mumkinligiga oz bo‘lsada ishonch mavjud.

O‘yin oldidan
«Barselona»

«Barselona» Turinda qabul qilib olgan mag‘lubiyatidan keyin La-ligada «Real Sosedad»ni qabul qilib, qiyin kechgan uchrashuvda g‘alaba qozondi va madridliklar bilan oradagi farqni saqlab qoldi. Lionel Messi o‘sha uchrashuvda ikkita gol urib, bitta golga pas berishning uddasidan chiqdi.
Jamoaning so‘nggi olti uchrashuvdagi natijalari: G‘MMG‘G‘G‘

«Yuventus»
Turinliklar Italiya A seriyasida «baliqdek suzish»da davom etmoqda. Jamoa o‘tgan haftada «Roma»ning ochko yo‘qotishidan foydalanib oradagi farqni yana 8taga yetkazdi. Massimiliano Allegri shogirdlari o‘sha turda «Peskara» mehmoni bo‘lib Gonsalo Higuainning dubli evaziga ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritgandi. Jamoaning so‘nggi olti uchrashuvdagi natijalari: G‘G‘G‘MDG‘

O‘yinoldi qiziqarli faktlar

— «Barselona» yevrokuboklarda o‘z uyida o‘tkazgan so‘nggi 15 o‘yinning barchasida g‘alaba qozongan. 
— Kataloniyaliklar o‘tgan bosqichda YeChL tarixida hech qayd etilmagan natijani qayd etib Parijdagi 0:4 hisobidagi farqni yo‘qqa chiqargan.
— Lionel Messi hisobida hozircha klub uchun kiritgan gollari soni 498tani tashkil qilmoqda. Agar u bu uchrashuvda ikkita to‘p kirita olsa, «Barselona»dagi 500-golini tantana qilishi mumkin.
— «Barselona» shu kungacha uch marta YeChL pley-offida 0:3 hisobida imkoniyatni boy berib, ikkinchi uchrashuvda kerakli natija ko‘rsatgan va keyingi bosqichga yo‘llanma olgan.
— «Barselona» chorak finalda ketma-ket 10-mavsumda ishtirok etmoqda. Bu rekord ko‘rsatkich sanaladi.

O‘zaro o‘yinlar

Bu ikki jamoa o‘tgan haftadagi uchrashuvni qo‘shib hisoblaydigan bo‘lsak, o‘zaro 8 marta ro‘baro‘ kelishgan. 4ta uchrashuvda «Yuventus» g‘alaba qozongan, «Barselona» 2 o‘yinni o‘z foydasiga hal qilgan. 2 uchrashuv durang bilan tugagan. To‘plar nisbati 9-12, «Yuventus» foydasiga. 

«Barselona» «Yuventus»ni o‘z uyida uch marta qabul qilgan bo‘lib, ularning faqat bittasida g‘alaba qozona olgan, ushbu g‘alabaga ham martda 21 yil (!) to‘ldi. Qolgan ikki uchrashuvda «Yuventus» mehmon sifatida bo‘lsada, g‘alaba qozonib qaytgan.

Yo‘qotishlar
Rafinya Alkantara tizzasidan olgan jarohatini yangilab oldi va bu uchrashuvda maydonga tusha olmaydi. Shuningdek Aleysh Vidal ham jarohati sabab o‘yinda ishtirok etmaydi. Jyeremi Matyoni esa Luis Enrike uchrashuv qaydnomasiga ham kiritmagan. Xaver Maskerano va Arda Turonning o‘yinda ishtiroki so‘roq ostida qolmoqda.

«Yuventus» tarkibida esa birgina yo‘qotish mavjud. U ham bo‘lsa asosiy tarkibda unchalik ko‘p o‘ynamaydigan Pyatsa bo‘lib turibdi. Qolgan tarkibdagi futbolchilarning barchasi bu o‘yinga shay bo‘lib turishibdi.

Taxminiy tarkiblar
«Barselona» katta ehtimol bilan bu uchrashuvda uch himoyachi bilan maydonga harakat qilishi kutilmoqda Serxi Roberto ko‘proq o‘ng qanot hujumida harakat qilishi mumkin. Suares, uning ortidan Messi va chap qanot hujumida Neymar. «Yuventus» esa Turinda g‘alaba qozongan tarkibda hech qanday o‘zgarish qilmasligi kutilmoqda.

Barselona: Ter Shtegen; Maskerano, Pike, Umtiti; Rakitich, Buskets, Inesta, Serxi Roberto; Messi, Luis Suares, Neymar.

Yuventus: Buffon; Dani Alvesh, Bonuchchi, Kellini, Aleks Sandro; Pyanich, Xedira, Kuadrado; Dibala, Mandjukich, Higuain.

Top