16:49 / 19.04.2017
9634

«Krasnodar»ga haqiqiy murabbiy kerak». Ahmedov sobiq jamoasini tanqid qildi

Odil Ahmedovning «Futbol» haftanomasiga bergan intervyusining uch qismi bilan tanishgandingiz. Tribuna.Uz intervyuning so‘nggi qismini e'tiboringizga havola etadi. Unda Ahmedov Rossiyadagi sobiq jamoalari «Krasnodar», «Anji» va Samuel Eto‘Oning jamoadagi o‘rni haqida gapirib o‘tgan.

— «Krasnodar»ga har doim oxirgi daqiqalarda nimadir yetishmay qolardi. Siz nimaga shunaqa bo‘lishini tushunib yetganmidingiz?
— Jamoa ruhiy jihatdan unchalik kuchli emas. Menimcha, «Krasnodar»ga haqiqiy chempion xarakteridagi murabbiy kerak. Jamoa mag‘lubiyatga uchraganidan keyin futbolchilarning jangovar ruhini ko‘taradigan va qiyin vaziyatlarda ularni qo‘llab-quvvatlaydigan murabbiy bo‘lishi kerak.

— Masalan?
— Ishlagan murabbiylarim ichida — shubhsiz Hiddink. Yoki Boash. Uni «Shanghay» futbolchilari bilan qanday gaplashayotganini kuzataman va ko‘raman: hamma murabbiy uchun jang qilishga tayyor turishadi. U ajoyib ruhshunos.

— Kononov unaqa emasmidi?
— Jamoa yutqazganda, Kononov yigitlarni ruhiy tomondan kayfiyatini ko‘tara olmasdi. Uning ikkinchi yilgi faoliyatida biz juda sifatli futbol ko‘rsatgandik va haqiqatan ham Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun da'vogarlik qilgandik. Ammo mavsum so‘nggida ortiqcha asabbuzarliklardan keyin o‘yinimizda pasayish kuzatildi va imkoniyatni boy berdik.

— Balki jamoaga haqiqiy lider futbolchi, masalan o‘zining Roy Kini yetishmayotgandir?
— Jamoada aynan shunday yetakchi bor — Pasha Mamayev. Maydonda u haqiqiy yetakchi. Eng muhim gollarni urishi, asosiy uzatmalarni amalga oshirishi mumkin. Afsuski so‘nggi paytlarda u ko‘p jarohat olmoqda. O‘ylashimcha, Pashaning yo‘qligi o‘tgan yilda «Krasnodar»ning natijalariga jiddiy ta'sir o‘tkazdi.

— To‘rtinchi o‘rin yomon natijami?
—Hozir jamoa o‘yinlarini yaxshi kuzata olmayapman, ammo tanishlarim aytishyaptiki: unchalik yaxshi chiqmayapti. Hozirgi «Krasnodar» butunlay boshqa futbol namoyish etmoqda, jamoa hamon Oleg Kononov qurgan davrdagi poydevor bilan ushlab turilibdi. Hozirgi murabbiy bilan kelgusi mavsumda nima bo‘lishi – katta so‘roq ostida. Har qanday vaziyatda ham «Krasnodar»ga faqat muvaffaqiyatlar tilayman. Sergey Nikolayevich Galitskiy Rossiya futboli uchun juda ko‘p narsa qildi. Uning jamoasi mamlakatda chempion bo‘lishi va Yevropa Ligasi finaliga chiqishga loyiq. Jamoadan ketishim aniq bo‘lganida birinchi navbatda Sergey Nikolayevich bilan aloqaga chiqdim va unga barchasi uchun minnatdorchilik bildirdim. Aynan u meni Krasnodarga taklif qilgandi. Unga o‘yinim yoqishini bilardim. Shunday inson bilan birga ishlash yoqimli edi.

«Smolov kech qoldi, vaqtliroq ketishi kerak edi»
 

— Xitoy klublaridan biri Smolovga 10 mln yevro yillik maosh taklif qilgandi, ammo Fyodor rad etgan. Bunga ishonasizmi?
— Bu mavzuda u bilan gaplashmaganmiz. Hammaning o‘zi tanlagan yo‘li bor. Balki u boshqa klubga o‘tishni istagandir.

— Yozda u Germaniyaga ketadiganga o‘xshayapti.
— Germaniya chempionati unga juda mos keladi. Ammo o‘ylashimcha, Smolov biroz kechikdi. U o‘tgan yili ketishi kerak edi. O‘shanda Fyodor haqiqiy pik formaga chiqqan va juda ko‘p gollar urayotgandi. Oxirgi vaqtlarda esa u juda ko‘p jarohat olmoqda. Bu unga xaridor bo‘lgan klublarni o‘ylantirib qo‘yishi mumkin.

— Smolovni siz birga to‘p surgan hujumchilar ichida eng iqtidorlisi deb atash mumkinmi?
— Agar sen Eto’Odek hujumchi bilan bir jamoada to‘p surgan bo‘lsang, boshqa futbolchilarga baho berishing juda qiyin. U futbolchi emas – ma'bud edi. Smolov birinchi marta qachon tom ma'noda porlab chiqqani eslay olasizmi? Aynan «Anji»da Samuel bilan birga to‘p surgan paytida.

— Aytishlaricha, dunyo futbolida Eto’Odan o‘tadigan hotamtoy futbolchini topib bo‘lmasmish. Shunaqami?
— Men odamlarga yordam berib yuradigan ko‘plab futbolchilarni bilaman. Ammo Eto’O – o‘ziga xos. Misol uchun, u klub ma'murining uyi yo‘qligini bilgach, Maxachqal'adan unga yangi uy sotib olib bergandi. Uning tashabbusi bilan biz o‘z mukofot pullarimizni «Anji»da bizga qulay sharoit yaratib berayotgan xodimlarga tarqatardik. Agar qaysidir futbolchida muammolar paydo bo‘lib qolsa, Eto’O rahbariyat oldiga kirardi va muammoni hal qilib chiqardi. Menimcha u jamoada yordam bermagan birorta futbolchi qolmagan. Haqiqiy sardor. U «Anji»da do‘stona munosabatlar o‘rnatilishi uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni amalga oshirardi.

Top