18:00 / 19.04.2017
50907

Lavlagi sharbati miyani yoshartirishi aniqlandi

Sport yoki fitnes bilan shug‘ullanishdan avval lavlagi sharbatini iste'mol qilish miyaning sezilarli darajada yosharishi va uning faoliyati yaxshilanishiga olib keladi. Olimlarning Gerontology jurnaliga taqdim etgan ma'lumotlari shu haqida. 

"Biz jismoniy mashqlar miyaga ijobiy ta'sir ko‘rsatishini yaxshi bilamiz. Biroq bizning kichik tadqiqotimiz shuni ko‘rsatdiki, intensiv jismoniy mashqlar lavlagi sharbati bilan birgalikda keksa yoshli gipertoniklar (qon bosimi yuqori kishilar) miyasiga yanada kuchli ta'sir qilib, uni yoshlarning miyasiga monand qilar ekan", - dedi AQShning Ueyk-Forest universitetidan Jyek Rejyeski.

Lavlagi sharbati foydali vitaminlar, nutriyentlar va mikroelementlardan tashqari, katta miqdordagi nitratlar, azot birikmalarini ham o‘zida jamlagan. Azot birikmalarining organizmga tushishi muhim biomolekulalar - azot monooksidini ishlab chiqarishga yordam berar ekan. Yaqinda olimlar lavlagi sharbatining bunday xususiyati tog‘larda yashash vaqtida yordam berishi, shuningdek qon bosimi baland kishilarning hayotini yaxshilashini aniqlashdi.

Rejyeski va uning hamkasblari ta'kidlashicha, keksa yoshli kishilarda miya faoliyatidagi ko‘plab muammolar kapillyarlar va miyaning boshqa tomirlari faoliyatidagi muammolar bilan bog‘liq. Olimlarning taxminlariga ko‘ra, muntazam ravishda lavlagi sharbatidan ichib va badantarbiya bilan shug‘ullanib, bu muammolarni barataraf qilish mumkin.

Ular 55 yosh va undan katta bo‘lgan, sport bilan shug‘ullanmagan va yuqori qon bosimidan aziyat chekkan 26 nafar erkak va ayol ishtirokida kichik tadqiqot o‘tkazishdi. Ishtirokchilarning yarmi haftada uch marta haqiqiy lavlagi sharbatini iste'mol qildi hamda yugurish yo‘lakchasida soatlik yugurish mashqlarni bajardi, qolganlar esa - lavlagi ta'mi berilgan rangli suv ichib, xuddi shunday jismoniy mashqlarni bajarishgan.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, ikki holatda ham miya faoliyati yaxshilangan, biroq haqiqiy lavlagi sharbatini iste'mol qilgan nafaqaxo‘rlar tajribaning boshqa ishtirokchilariga nisbatan uzoqroqqa borgan. Atigi 6 haftadan keyin ko‘ngillilar miyasining qo‘l va oyoqlar harakati uchun mas'ul asab hujayralari faolligi 30-35 yoshli sog‘lom kishilarnikidek bo‘lgani qayd qilingan.

Shunisi qiziqki, haqiqiy bo‘lmagan lavlagi sharbatini ichgan kishilarda bunday o‘zgarishlar aniqlanmagan. Yaqin orada Rojyeskiy jamoasi bunday ta'sirning qanchalik uzoqqa cho‘zilishini tekshirib, lavlagi sharbatining ijobiy ta'sirini keng ko‘lamli tadqiqotlarda sinab ko‘rishni rejalashtirgan.

Top