08:48 / 19.04.2017
4106

Microsoft sobiq rahbari AQSh hukumati xarajatlarini kuzatib boruvchi loyiha yaratdi

Foto: AP

Microsoft korporatsiyasi sobiq bosh direktori Stiv Balmer yangi loyihani ishga tushirdi. Uning vazifasi – AQSh federal va mahalliy hukumatining barcha xarajat va daromadlari haqida ma'lumotlar jamlangan bazani yaratish. Bu Amerika hukumati soliq to‘lovchilar pulini nimaga ishlatayotganini tushunishda yordam beradi, deya ma'lum qildi Balmer Nyu-York Iqtisodiy klubida seshanba kuni chiqish qilar ekan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, USAFacts nomli loyihani yaratish g‘oyasi, u AQShda hukumatning byudjyet xarajatlari haqida barcha rasmiy ma'lumotlar bo‘lgan yagona, ishonchli va foydalanish erkin bo‘lgan manba yo‘qligini tushunib yetgach, paydo bo‘lgan. 

"Men statistika kishisiman, hamda o‘ylashimcha, uning vazifasi bahsli vaziyatlarni hal qilishda yordam ko‘rsatish, ularni yengillashtirish va insonlarga tushunarli qilishdadir", - deya aniqlik kiritdi. Balmer. Uning so‘zlariga ko‘ra, jamoatchilikka hukumat o‘zida bor bo‘lgan mablag‘ni nimaga ishlatayotganini aniq faktlar yordamida ko‘rsatib bermoqchi.

Balmer loyihani amalga oshirish uchun iqtisodchilar, olimlar va tadqiqotchilar guruhini yolladi. Microsoft’ni 2000-2014 yillar davomida boshqargan milliarderning ta'kidlashicha, u tomonidan yig‘ilgan mutaxassislar jamoasi statistik ma'lumotlarni yig‘ish va o‘rganish uchun uch yil vaqt sarfladi, ular loyiha saytida taqdim etilgan materiallar uchun asos bo‘lib xizmat qildi. Keyinchalik ma'lumotlar doimiy ravishda yangilanib boradi.

New York Times gazetasi ma'lumotiga ko‘ra, USAFacts qidiruv tizimi yordamida foydalanuvchilar jinoyatchilik statistikasidan tortib, har bir alohida shtatda necha nafar politsiyachi bor ekaniga oid ma'lumotni topishi mumkin. Bundan tashqari, hukumat avtomobilni ruxsat berilmagan joyda tashlab ketilganlik uchun belgilangan jarimadan qancha daromad olishi ham aniq bo‘ladi. Loyiha saytida shuningdek, AQShda davlat xizmatchilari qancha ekani, korporatsiyalar qancha soliq to‘lashi yoki necha foiz amerikaliklar depressiyadan aziyat chekishini bilish mumkin bo‘ladi.

Balmerning New York Times’ga bergan intervyusida aytishicha, USAFacts’ga 10 million dollar sarmoya kiritdi va loyihani rivojlantirish uchun har yili qo‘shimcha bir necha million dollardan ajratish niyatida. Forbes’ga ko‘ra, Microsoft sobiq rahbari 30 milliard dollarga ega bo‘lib, dunyoning eng badavlat kishilari ro‘yxatida 21-o‘rinda turadi.

Top