16:23 / 19.04.2017
9216

Navoiy viloyatining chekka hududlariga “Salomatlik” poyezdi yo‘l olmoqda

19-27 aprel kunlari “Sog`lom avlod uchun” fondi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ bilan hamkorlikda Navoiy viloyatining chekka hududlariga Toshkent – Tinchlik – Konimex – Qora-qata – Mustaqillik – Adjibugut – Qizilquduq – Buzaubay – Uchquduq II – Toshkent yo‘nalishidagi “Salomatlik” poyezdi tashkil etildi.

“Salomatlik” poyezdi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi PQ-4947-sonli qarori bilan tasdiqlangan “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 222-bandida ko‘rsatilgan Respublikaning ekologik jihatdan noqulay mintaqalarida yashovchi (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari) aholi uchun “Salomatlik” poyezdlarini tashkil etish yo‘li bilan chekka tumanlarda yashovchilarga tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan. 

Ta'kidlash joizki, 2017 yilning 21-29 mart kunlari Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarining chekka tumanlarda yashovchilarga tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish uchun Toshkent – Sariosiyo – Qumqo‘rg‘on – Boysun – Darband – Oqrabod – Dehqonobod – Qarshi – Toshkent yo‘nalishidagi “Salomatlik” poyezdi tashkil etilgan. Ushbu “Salomatlik” poyezdi mutaxassislari tomonidan 2810 nafar fuqaro chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. “Salomatlik” poyezdining faoliyati davomida viloyatdagi 10 tibbiy va ijtimoiy muassasalarga, shuningdek, 3083 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga manzilli ravishda oziq-ovqat paketlari hamda tibbiy ko‘riklardan o‘tgan aholiga alohida kiyim-kechak, dori-darmon, vitamin, tibbiyot jihozlari, sanitariya-gigiyena vositalaridan iborat jami 4 mlrd. 300,4 mln. so‘mlik insonparvarlik yordami tarqatildi.

Navbatdagi “Salomatlik” poyezdi uchun “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan maxsus vagonlar taqdim etilib, yuqori malakali shifokorlar guruhi aholiga zarur tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish maqsadida 19 aprel kuni soat 18:05 da Toshkent Markaziy vokzalidan yo‘lga chiqdi. Ushbu malakali shifokorlar bilan birga joylarda fondning Navoiy viloyati ko‘chma tibbiy-ijtimoiy yordam brigadasi xodimlari ham aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatadi. Bu insonparvarlik yordami 13 466,4 mlrd. so‘mlik oziq-ovqat, kiyim-kechak hamda dori-darmon va tibbiyot anjomlari, tibbiyot jihozlari, sanitariya-gigiyena vositalaridan iborat muruvvat yordamlaridan iborat.

Poyezd o‘z rejasi davomida borishi ko‘zda tutilgan Navoiy, Konimex, Qora-qata, Mustaqillik, Adjibugut, Qizilquduq, Buzaubay, Uchquduq II stansiyalarining yaqin hududlaridan tashqari fondning Navoiy viloyati hududiy filiali ko‘chma tibbiy-ijtimoiy yordam brigadasi orqali hududdagi markaziy shifoxonalar, viloyat bolalar va tug‘ruq komplekslariga hamda ko‘zi ojiz, aqli zaif va kar-soqov bolalar maxsus maktab internatlariga o‘z yordamini ko‘rsatishi rejalashtirilgan.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – ekologik jihatdan noqulay sharoitda istiqomat qiluvchi aholini, ayniqsa ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga, shuningdek, chekka qishloqlarda yashayotgan ayollar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, aholining tibbiy savodxonligini oshirish hamda muruvvat harakatini rivojlantirish ishiga keng jamoatchilik e'tiborini jalb etish.

Tadbir homiylari: GFRning “Friedensdorf International” va “Tovarish-Hilfe fuer kinder” xalqaro tashkilotlari, AQShning “Resource and Policy Exchange”, “AmeriCares”, “Toms Shoes” xalqaro tashkilotlari, QK “Nestle-Uzbekistan” MChJ, “Jahon invest plast” MChJ, “Dori-darmon” AK, “Micro business group” MChJ, QK “Biogen” MChJ, QK “Remedy group” MChJ, QK “Rekamed farm MChJ, “V.N.T” MChJ va boshqalar.

Top