Asad: «Xon-Shayxundan lavhalar soxta, u yerda hech qanday kimyoviy hujum bo'lmagan»

Jahon 20 Aprel 2017 10719

Suriyaning Idlib viloyatida hech qanday kimyoviy hujum bo'lmagan, bularning barchasi Shayrat aviabazasiga uyushtirilgan rejali hujumni oqlash uchun o'ylab topilgan. Garchi Suriya armiyasi Xon-Shayxundagi jangarilar ob`yektlariga hujum uyushtirgan bo'lsa-da, u kimyoviy qurollarsiz hamda G'arb tilga olinayotgan vaqt oralig'ida ro'y bermagan, dedi Suriya prezidenti Bashar Asad RIA Novostiga bergan intervyusida.

Uning so'zlariga ko'ra, Suriya hukumati Xon-Shayxundagi jangarilar ob`yektida kimyoviy qurol bo'lgani haqidagi ma`lumotga ham ega emas.

«Bu hudud «Jabhat-an-Nusra» — mohiyatan «Al-Qoida» nazorati ostida. Jahon afkor ommasida mavjud bo'lgan yagona axborot aynan shu tashkilot «Nusra» tomonidan Youtube, umuman internetda va asosan g'arb ommaviy vositalarida e`lon qilingan videolavhadir. Shu sababli bu xabarlarni baholashda ularga asoslana olmaymiz. Birinchidan, biz o'sha kuni ertalab soat 11:30 da zarba bergan ob`yekt kimyoviy qurol omborimi yoki shunga o'xshash qurol saqlanadigan joymi, bunisini aniq bilmaymiz. Ularning hikoyasiga ko'ra, hujum ertalab 6:30 da ro'y bergan. Bu vaqtda biz hech qanday hujum qilmaganmiz. Shu sababli bizda ikkita taxmin bor: birinchisi — hujum soat 11:30 da yoki qoq peshinda uyushtirilgan. Ikkinchi variant — hech qanday hujum yuz bermagan, bu shunchaki yolg'on fitna», — degan Asad.

«Fotosuratlar va videokadrlarda tomosha qilgan narsalarimizning barchasi bir-ikki yildan buyon «Oq kaskalilar»ning materiallarida ko'rib yurganlarimizga juda o'xshaydi», — dedi Suriya prezidenti.

Uning so'zlariga ko'ra, ilgari ham bunday narsalar sahnalashtirilgan bo'lib chiqqan.

«Ularning Rossiya aviazarbasi oqibatida o'ldirilgan bolakaylar surati ham soxta bo'lib chiqqan edi, ular bolakayni yotqizib, ustiga qum-tuproq sochib, qizil bo'yoq chaplab suratga olishgan. Bu nayranglarning barchasi ular faoliyatining bir qismi. Biz shu versiyaga ishonamiz, chunki hujumni ular oldindan rejalashtirib bo'lishgan, bizni eshitishni ham istashmadi, surishtiruv ham o'tkazishmadi, ular faqat shu aviabazaga hujumni istashdi, xolos. Biz oddiy bir sabab bilan bilan buni navbatdagi nayrang, deb o'ylaymiz: agar hujum qilingan bo'lsa va gaz sizib chiqqan bo'lsa, siz o'sha shaharda 80 kishi vafot etdi deyapsiz — unda shahar qanday qilib yashashda davom etgan bo'lardi? Ular shahar aholisini evakuatsiya qilishgani yo'q. Shaharni bir kishi ham tark etgani yo'q, hayot bir maromda davom etdi, axir (ularning talqiniga ko'ra) shaharda ommaviy qirg'in quroli ishlatilgan-ku?» — dedi agentlik suhbatdoshi.

Kimyoviy hujum, deya da`vo qilinayotgan hujumdan so'ng tarqatilgan video kadrlarda ko'rinib turibdiki, yordam berayotgan insonlar hech qanday kimyoviy himoya vositalaridan foydalanmay yurishibdi, deya eslatdi prezident.

«Lavhalarga e`tibor bersangiz, qutqaruvchilar deya qabul qilinayotgan kimsalar odamlarga niqob, qo'lqoplarsiz yordam qilishyapti, hujum zonasida bemalol yurishibdi. Qanaqasiga? Axir bu ular bot-bot tilga olgan zarin gazi xossasiga butkul to'g'ri kelmaydi. Bunday bo'lishi mumkin emas, yo ular ham boshqalardek o'lgan bo'lishardi, yo yerda cho'zilib yotgan insonlar ham tirik. Bunaqa kadrlarni soxtalashtirish juda oson. Xullas, fikr yuritishda faqat fotosuratlar va videoga tayanmaslik kerak, ayniqsa uni «Al-Qoida» suratga tushirgan bo'lsa», — dedi Asad.

Asadning aytishicha, Idlibdagi sahnalashtirilgan hujumdan so'ng «ular go'yoki zarin gazi ombori bor, degan gumon bilan» Shayrat aviabazasiga zarba berishgan.

«Ular barcha omborlarga raketa zarbalari berishgan — biroq aerodrom hududiga hech qanday gaz tarqalmadi. Zobitlarimiz va harbiy shaxsiy tarkibimizdan biror kishi gazdan talofat ko'rgani yo'q. Shu sababli Xon-Shayxunda hech qanday gaz bilan hujum bo'lmagan, xuddi gaz omborlari bo'lmaganidek, bularning barchasi Shayratga hujumni oqlash uchun oldindan o'ylab topilgan narsa. Mana, nima voqea ro'y berdi", — dedi Asad.

Suriya muxolifati 4 aprel kuni Idlib viloyatidagi Xon-Shayxun shahrida kimyoviy qurol bilan hujum natijasida 80 kishi o'lgani, 200 kishi yarador bo'lgani haqida bayonot tarqatgan edi. Muxolifat hujumda Suriya hukumat qo'shinlarini aybladi, ular esa bunga javoban ayblovlarni keskin rad etib, barcha aybni jangarilar va ularning homiylariga to'nkadi.

Ilgariroq, Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkiloti Xon-Shayxunda uch nafar halok bo'lgan, yetti nafar yarador insondan olingan biotibbiy namunalar jabrlanuvchilar zarin yoki shunga o'xshash gaz bilan zaharlanganini ko'rsatayotgani haqida bayonot bilan chiqish qilgan edi.

Ko'proq yangiliklar: