Maxsus intervyu: Urush qatnashchisi, IIB faxriy mayori 90 yoshli Afanasiy Ivanov xonadonida...

Jamiyat 20 Aprel 2017 20007

Bugun sayt muxbiri Toshkent shahar IIBB va Yunusobod tumani IIB tomonidan ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, IIB sobiq mayori Afanasiy Ivanov xonadoniga tashrif buyurdi. Shu yili o'zining 90 yoshini nishonlovchi urush faxriysiga prezident tomonidan ajratilgan 2 million so'm miqdoridagi mukofot puli topshirildi. 

Qayd etib joizki, Afanasiy Danilovich Ikkinchi jahon urushida ishtirok etgan va butun faoliyati davomida poytaxtning bir nechta tumanlari IIBlarida sidqidildan xizmat qilgan eng yoshi ulug' faxriy hisoblanadi. 

Bugungi uchrashuv davomida IIB xodimlari tomonidan chiroyli dasturxon tuzalib, noz-ne`matlar tortiq qilindi. Kun.uz muxbiri ham Afanasiy Ivanov xonadoniga tashrif buyurib, urush qahramoni bilan suhbat uyushtirdi. 

- Hurmatli Afanasiy Danilovich, avvalambor sizni yaqinlashib kelayotgan “Xotira va qadrlash kuni” bilan tabriklaymiz. Armiyada 7 yil xizmat qilgansiz, 2 yil urushda bo'lgansiz. Shafqatsiz jang maydonlarida o'tgan damlarni qanday xotirlaysiz?

- Eng navqiron 16 yoshimda armiyaga olib ketishdi. Hamon esimda, jang maydonida bir-birini dushman deb sanayotgan xalqlar ayovsiz kurash olib borar edi. Har tomonda o'q ovozi. Bizdan esa bor-yo'g'i bir narsa qat`iy talab qilinar edi – u ham bo'lsa yigitlik burchini a`lo darajada ado etish. Dastlab Chegara qo'shinlarida xizmat qildim. Berilgan barcha topshiriqlarni ziyraklik bilan uddalashga harakat qilar edim. Men Ikkinchi jahon urushi yakunga yetgunga qadar dushmanga qarshi kurashib, xizmatimni ado etdim.

- IIB sohasini tanlashingizga nima sabab bo'lgan? 

- 1950 yilda armiyadan qaytdim. Yo'lda menga hamrohlik qilgan o'zbek do'stlarim ichki ishlar idorasiga ishga kirishni tavsiya qilishdi. Shu tariqa men shu kasbda faoliyat olib bora boshladim. Keyinchalik Yuridik fakultetga o'qishga kirdim va oila ham qurdim. Bu soha mashaqqatli ekanini bilsam ham tanlagan kasbimdan bir zumga ham afsuslanmaganman. Aynan shu kasbga sadoqatim tufayli tug'ilib o'sgan yurtim Sibirga qaytib bormay, O'zbekistonda qoldim. 

- Sizni O'zbekiston qaysi jihatlari bilan o'ziga maftun etgan?

- Men o'zbek va rus xalqlarini hamisha – aka-uka, opa-singillar deb atayman. Sababi, bu yerda sen qaysi millat vakili bo'lishingdan qat`i nazar, o'z maqsadlaringa sobit bo'lsang va halol yashasang, baxtingni topasan. Men ham bu yerda do'stlarimni, yaqinlarimni topdim. Turmush o'rtog'im Tatyana (marhuma)ni uchratib, ajoyib farzandlar – bir o'g'il, bir qizning otasi bo'ldim. Men hayotimdan juda mamnunman. Bularning bariga esa O'zbekistonda qo'nim topganim sabab bo'ldi. Mana, hozir ham tutingan o'g'illarim (militsiya xodimlari) doim mendan xabar olib turishadi. 

Bundan tashqari, menga O'zbekistonning hech qayerda uchramas mevalari, noz-ne`matlari juda yoqadi. Bir so'z bilan aytganda, o'zimni o'zbek o'g'loni deyishdan faxrlanaman. 

- Ko'ksingizdagi medallar faoliyatingiz davomida juda ko'p mukofot va unvonlar bilan taqdirlanganingizdan darak berib turibdi...

- Ha, meni hozirgacha ham faxriy yorliqlar, sovg'alar, pul mukofotlari bilan taqdirlab kelishadi. Aslida, men uchun ulardan ko'ra, shogirdlarim va xalqimning birgina e`tibori katta ahamiyatga ega.

- Afanasiy Danilovich, mana siz 90 yoshni qarshilaganingizga qaramay, juda yosh va navqiron ko'rinasiz. Ayting-chi, baxtli yashash siringiz nimada?

- Aslida, uzoq umr ko'rishning asosiy talabi – bu sog'lom hayot kechirish va baxtdan yonib yashashdir. Men aynan shu qoidaga amal qildim. 40 yoshga yetganimda eng yomon odatim – tamaki chekishni tashladim. Keyin esa, doim sport mashg'ulotlarini bajarib kelardim. Tanlagan kasbim og'ir bo'lishiga qaramay, vazminlik bilan ishlashga, halol yashashga va yaqinlarimga doim mehr ulashishga harakat qildim. Bundan tashqari, to'g'ri ovqatlanish ham umrni uzaytirishda katta rol o'ynaydi. Yoshlarga tanovul qilayotgan mahsulotlariga e`tibor berishlarini tavsiya qilaman. Sababi, organizmni ortiqcha muammolardan asrash – o'zimizning burchimizdir.

Bu inson bilan o'tgan suhbat shu qadar qiziqarli tus oldiki, menimcha urush faxriysi boshdan kechirgan hayot yo'lini tinglash uchun bir kun ham kamlik qiladi. Biroq men qahramonimni toliqtirib qo'ymaslik maqsadida suhbatning shu joyida yakun yasashga qaror qildim. 

Samimiy, bolalarcha beg'ubor, ko'zidan mehr uchqunlari chaqnab turgan Afanasiy Ivanovga farzandlari va nabiralari, shuningdek, sevimli izdoshlari qurshovida yana uzoq yillar baxtli hayot kechirishini tilab qolaman. Tilagim esa oramizda ana shunday o'z ishiga, yaqinlariga, muhabbatiga sadoqatli insonlar ko'payaversin. 

Feruza Avazova suhbatlashdi

Ko'proq yangiliklar: