13:24 / 20.04.2017
19953

Meva-sabzavotlarni eksportga yetkazib bermagan tumanlar hokimlari lavozimidan olinishi mumkin

Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi mahalliylashtirish va eksport masalalari muhokamasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida meva-sabzavotlarni belgilangan hajmda eksportga yetkazib bermagan tumanlar hokimlari lavozimidan olinishi mumkinligi haqida ogohlantirildi.

2017 yilning birinchi choragida eksport hajmi 2016 yilning shu davriga nisbatan 9,1 foizga oshganiga qaramasdan, turli tarmoqlar va hududlardagi qator korxonalar eksport bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlarni to‘liq bajarmagani ta'kidlandi. Xususan, «O‘zagrotexmash», «O‘zqurilishmateriallari» aksiyadorlik jamiyatlari, «O‘zbekoziqovqatxolding» holding kompaniyasi, «O‘zfarmsanoat» davlat aksiyadorlik konserni korxonalari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlaridagi hududiy korxonalar tomonidan prognoz ko‘rsatkichlarni bajarishda oqsoqlikka yo‘l qo‘yilgan. Meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashgan qator tumanlar, jumladan, Oltinko‘l (Karimov), Buloqboshi (Maxsudov), Qo‘rg‘ontepa (Ergashev), Xo‘jaobod (Ismoilov), Buxoro (Esonov), Vobkent (Javodov), Baxmal (Safarov), Sariosiyo (Jo‘rayev), Sirdaryo (Nazarov) va Quva (Rahmonov) tumanlarida meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish prognozlari bajarilmagan.

Eksport prognoz ko‘rsatkichlari bajarilishini ta'minlashda yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun «O‘zagrotexsanoatxolding» (Otajonov), «O‘zbekoziqovqatxolding» xolding (Rustamov) kompaniyalari, «O‘zqurilishmateriallari» aksiyadorlik jamiyati (Zaripov), «O‘zfarmsanoat» davlat aksiyadorlik konserni (Do‘stmurotov) rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi va viloyatlar hokimlari faoliyati tanqid qilindi.

2017 yilning birinchi choragida meva-sabzavot mahsulotlarini belgilangan hajmda eksportga yetkazib berishni ta'minlamagan tumanlar hokimlari birinchi yarim yil yakunlari bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlarini bajarmagan taqdirda ularning egallab turgan lavozimida qolishi yoki qolmasligi to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqilishi haqida ogohlantirildi.

Eksport prognoz ko‘rsatkichlari bajarilishini ta'minlamagan tarmoqlar va hududlar rahbarlariga o‘n kun muddatda yo‘l qo‘yilgan ortda qolishning o‘rnini to‘ldirish va joriy yil birinchi yarmi va, umuman, 2017 yil yakunlari bo‘yicha tasdiqlangan eksport ko‘rsatkichlariga chiqish maqsadida har bir korxona kesimida mavjud muammoli masalalarni bartaraf etishga doir aniq choralar ishlab chiqish va tasdiqlash vazifasi topshirildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklariga «O‘zagroeksport» aksiyadorlik jamiyati bilan birgalikda meva-sabzavot mahsulotlarini, jumladan, ushbu mahsulotlarni yetishtirishga ixtisoslashgan 66 tumanda ekinlarni o‘z vaqtida ekish, mahsulotlarni tayyorlash, shartnomalar tuzish va jo‘natish orqali eksport ko‘rsatkichlarining so‘zsiz bajarilishi bo‘yicha zarur choralar ko‘rish topshirildi.

Yig‘ilishda joylarda yangi ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta'minlash masalasiga ham e'tibor qaratildi. Jumladan, oliy o‘quv yurtlari va kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining kasblar bo‘yicha bilim va mehnat ko‘nikmalarini shakllantirish, bandligini ta'minlash, ular uchun munosib ish sharoiti yaratish chora-tadbirlari ko‘rib chiqildi. 

Vazirlik va idoralar, hokimliklar, mahalliy davlat organlariga yangi ish o‘rinlari tashkil etishga ko‘maklashish bo‘yicha yangicha tizim yaratish yuzasidan topshiriqlar berildi. 

Yig‘ilish kun tartibidagi masalalar yuzasidan vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari rahbarlari so‘zga chiqdi. Ko‘rilgan masalalar muhokamasi yakunlari bo‘yicha ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish hisobidan import hajmi va turini maqbullashtirishni ta'minlash, shuningdek, tovarlar, ishlar va xizmatlar eksporti hajmi va turlarini yanada ko‘paytirishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risida tegishli qarorlar qabul qilindi. 

 

Top