Og'riqli propiska muammosi qachondir ijobiy hal etiladimi: vaziyat va mulohazalar

Jamiyat 20 Aprel 2017 63740

Shu kunlarda Kun.uz pochtasiga ikki murojaat kelib tushdi. Keling, bu boradagi fikrlarni bayon qilishdan avval, fuqarolarimizning murojaatlarini o'qib ko'rsak.

«Ismim Ixtiyor.

Kun.uz saytini muntazam kuzatib boraman. Jamiyatimizdagi o'zgarishlar, yechimini topmagan masalalar, huquqlarning poymol bo'layotgani, ularni ochiq-oydin ko'rsatib berishlaringiz diqqatga sazovor bo'lmoqda.

Men — o'qituvchiman, fanim bo'yicha bir nechta ko'rik-tanlovlarda sovrinli o'rinlarga ega bo'ldim. 6 yildan beri qiynab kelayotgan birgina muammo — o'zim sotib olgan yer uchastkasiga o'z mehnatim bilan qurgan uyda bugun ijarada turib, vaqtinchalik ro'yxatga qo'yilib, ishlab kelmoqdaman.

Sirdaryo viloyatidan Toshkent viloyatiga kelgan bo'lsam-da, qarindoshlarimning aksariyati shu yerda istiqomat qilishadi. Doimiy ro'yxatga qo'yishni iltimos qilib prezidentga ham yozdik, ichki ishlardan kelgan xatga ko'ra, biz ro'yxatga qo'yilishi mumkin bo'lgan toifaga kirmas ekanmiz.

Shunda o'zimga savol berdim: men qaysi toifadagi fuqaroman?

Qonunni ijrosi bilan shug'ullanadiganlarga e`tirozim yo'q, o'sha qonunni ishlab chiqadiganlarga «biz ham halqingizning bir bo'lagimiz», deyman, xolos. Sirdaryoda otam ham, akam ham bir kasb, bir fan egalarimiz, u joyda menga ish yo'q, hozirgi ishlayotgan joyimda ya`ni, Toshkent viloyatida bir emas, ikki emas, men bilgan uchta maktabda mutaxassis yetishmaydi, shulardan hozirda ikkitasida ishlab kelmoqdaman.

Namunali qurilayotgan uylarni sotib olib doimiy ro'yxatga qo'yilishiga oid ma`lumotlarni o'qib, hisob-kitobini qilsam — men uchun «o'h-ho'» ekan.

Portalga taklif sifatida Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga «grin-kard» tizimini mentalitetimizga moslashtirilgan variantini qo'llash taklifini bergandim bu taklifim ham qanchalik to'g'ri, bilmadim, axir barchamiz O'zbekiston fuqarosimiz.

Nima bo'lganda ham Vatanimni deyman, har tong uyg'onib tinchlik nafasini olganimga shukronalik keltiraman, albatta, ko'ngilim xotirjamligi, halovati har kunimiz tinch bo'lishiga ishonaman. Sizlardan iltimos, ushbu mavzudagi muammolarni ko'proq yoritsangizlar, inson huquqlari tashkilotlari, Ombudsman va boshqalarga bizlardagi muammolarni oyna qilib ko'rsatsangizlar».

* * *

«Ayting-chi, Kun.uz tahririyati, nima uchun virtual qabulxona va xalq qabulxonalari tashkil etildi? Ular qay tartibda aholi murojaatlarini ko'rib chiqishi kerak?

Men, Hamrayeva Shahnoza, 7 yil burun turmush o'rtog'im (asli jizzaxlik) Hamrayev Baxtiyorni o'zim yashaydigan va doimiy propiskada turadigan Olmazor tumani, 2-guruchariq ko'chasi 4-uy hududiga doimiy, hech bo'lmaganda, vaqtinchalik ro'yxatga qo'yish uchun hokimlik, xalq qabulxonalari orasida sarson bo'lmoqdaman? Doimiy ro'yxatga qo'yish bo'yicha Olmazor tuman hokimligi «uylaring buzilish hududida» deb, arizamga rad javob berdi.

Bitta ko'cha necha yildan buyon buzilish hududi hisoblanishi mumkin, axir?

Shu masala yuzasidan Xalq qabulxonasiga murojaat qilib borganimda hokimlik ishlariga aralasha olmasliklarini ro'kach qilib, shahar hokimi qabuliga 34-bo'lib yozdirishdi. «Homiladorman, 2 oydan so'ng tug'uruq ta`tiliga chiqishim kerak, erimning doimiy propiskasi bo'lmagani sababli ishga qabul qilishmayapti», deyishimga qaramay, «bizning qo'limizdan kelgani shu, hokimga buyruq bera olmaymiz», deyishdi.

Shundan so'ng prezident virtual qabulxonasiga murojaat bilan chiqdim. Toshkent shahar IIBBga (230-38-21, 2-qavat, 10-xona) chaqirishdi. Afsuski, Olmazor tuman hokimining xatidan bitta nusxa olish uchun chaqirishgan ekan. Ana o'sha xatning nusxasini faksdan yoki “Telegram”dan uzatsam ham bo'lardi.

Xullas, yana gap o'sha — hokimga borib taqaldi. Hokim qaror chiqarsagina erim propiska qilinar ekan, bo'lmasa yo'q. Boshqa turar joyga ko'chib o'tishim kerak ekan. Ana o'shanda erim propiska qilinishi mumkin ekan. Boshqa turar joyim bo'lmasa, qayerga ko'chib o'taman? Ikkinchi farzandim tug'ilsa, uni qayerga propiskaga qo'yaman? Tug'uruq ta`tiliga chiqsam meni va ikki bolamni erim boqishi kerak-ku, u doimiy ishga joylashsa, ko'plab imtiyozlarga ega bo'lamiz-ku? Men ish so'rab yoki yordam puli so'rab murojaat qilmayapman, faqatgina o'zimning qonuniy turmush o'rtog'im, farzandlarimning otasini doimiy ro'yxatga qo'yishni so'rayapman, xolos. Bir hududni necha yil buzilish hududi, deb aytish mumkin, hurmatli tahririyat?!

Virtual qabulxonaga ne umidlar bilan xat yozgandim hammasi ko'zbo'yamachilik va xo'jako'rsingami? Hokimlikka virtual qabulxonalarning tishi o'tmaydimi? Hokimlik monopol tashkilotmi, yillar davomida bir tayinli xulosa chiqarmaydi? Men yana necha yil shu ahvolda yuraman? Hokimlik o'ziga monopol tashkilotni yaratib olgan bo'lsa, xalq qabulxonalarini ochishdan nima naf bor?».

* * *

Shubhasiz, shahri azim poytaxtimiz va Toshkent viloyatida propiska muammosi minglarni qiynab kelayotgan muammolardan sanaladi. O'zi puliga uy olib, uni shaharlik tanishlarining nomiga rasmiylashtirib, o'zi ijara shartnomasi bilan turganlar qancha.

Ayniqsa, poytaxtda shunday istiqomat qilayotganlarning aksariyati o'qituvchi, shifokor, turli vazirlik va idoralarda, tashkilotlarda  xalqimizga halol xizmat qilishmoqda.

O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining VII bob 28-moddasida “O'zbekiston Respublikasi Fuqarosi Respublika hududida bir joydan ikkinchi joyga ko'chish, O'zbekiston Respublikasiga kelish va undan chiqib ketish huquqiga ega. Qonunda belgilangan cheklashlar bundan mustasnodir”, deb belgilab quyilgan.

Fuqarolarning poytaxt va Toshkent viloyatida doimiy yashashini cheklovchi bitta qonun, bitta qaror va bitta nizom bor.

O'zbekiston Respublikasi Oliy majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan 2011 yil 14 iyulda qabul qilingan, Senat tomonidan 2011 yil 26 avgustda ma`qullangan va 2011 yil 14 sentabrda qonuniy kuchga kirgan “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim bo'lgan shaxslar — O'zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro'yxati to'g'risida”gi Qonun bor.

Shu qonun ilovasining 5-bandiga ko'ra Sh.Hamrayevaning turmush o'rtog'i u doimiy yashayotgan manzilga moneliksiz propiska qilib berilishi kerak, axir ularning turmush qurganiga talab etilganidek kamida 1 yil emas, 7 yil bo'lgan.

Toshkent shahri, Olmazor tuman hokimligi nima vaj ko'rsatib, Sh.Hamrayevaning erini propiskaga qo'yilishiga monelik qilayotgani bizga noma`lum, lekin hududda qachondir uylarning buzilishi — hujjatlarga ko'ra — doimiy propiskaga qo'yishni rad etish uchun asos bo'la olmaydi.

Ikkinchi me`yoriy hujjat — 2012 yil 16 fevraldagi O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim bo'lgan shaxslar — O'zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro'yxati to'g'risida"gi O'zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi Qaroridir.

Ushbu qarorga 2016 yil 7 oktabrdagi Vazirlar Mahkamasining №336-qarori bilan o'zgartirishlar kiritilgan va bugungi kunga kelib 60ta davlat hokimiyati organlari, davlat va xo'jalik boshqaruvi organlari, Respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlari xodimlari moneliksiz doimiy propiskaga qo'yilishadi.

Poytaxtda va Toshkent viloyatida propiskani tartibga soluvchi yana bir huquqiy hujjat — “O'zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish tartibi to'g'risidagi yo'riqnoma” hisoblanadi.

Yuqorida aytib o'tilgan qarorga ko'ra asli sirdaryolik vatandoshimiz Ixtiyorning Toshkent viloyatiga doimiy propiskaga qo'yilishi uchun huquqiy asos yaratilmagan. Shuning uchun bu fuqaro vaqtinchalik propiskaga qo'yishdan foydalanib, o'qituvchilik qilishi mumkin.

To'g'ri, bu baribir vaqtinchalik hisoblanadi va xavfsizlik chorasi sifatida joriy etilgan. Baribir qachondir bekor qilinishi turgan gap. Bu bosqichma-bosqich amalga oshirilib bormoqda ham.

Juda ko'plab davlat tashkilotlari xodimlariga propiska uchun ruxsat berilganini inobatga olsak, kamida 5 yil vaqtinchalik propiska bilan poytaxt va poytaxt viloyatida uzluksiz ishlab yurgan maktab, kollej va oliy o'quv yurtlari o'qituvchilari, shifokorlarga ham uy xarid qilish va propiskaga qo'yish uchun darhol imkoniyatlar taqdim etilsa, xalq uchun ishlayotgan jonkuyar o'qituvchilar va shifokorlar uchun ayni muddao bo'lar edi. Chunki ular ham davlat tashkilotida ishlashadi.

Yuqoridagi fikrlarni Ixtiyor kabilarni o'ylab bitdim. Ulardek qiynalayotganlar juda ko'p.

Ulardan tashqari, yillab ishlayotgan, vaqtinchalik propiskasini cho'zdirib yurgan, tayinli uy-joyi, ish beruvchisi bilan mehnat shartnomasiga ega bo'lgan, qonun bilan muammosi bo'lmagan barcha fuqarolar uchun ham propiska ochilishi nur ustiga nur bo'lar edi. Umuman olganda, vaqtincha propiska olgan fuqarolar 2- yo 3-marta vaqtincha ro'yxatini uzaytirganidan so'ng avtomatik ravishda doimiy ro'yxat huquqiga ega bo'lishi ham kerak.

Albatta, Toshkentda ishlamaydigan, biroq mo'may daromad orttirib, Toshkent shahridagi yangi qurilgan uylardan sotib olgan ayrim viloyatlik fuqarolarga darhol propiskaga qo'yilishiga ijozat tekkanda, bu ham bir qadar adolatli qaror bo'lar edi.

“Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari” yilida ana shu og'riqli muammo ham mutasaddilar tomonidan ijobiy tomonga albatta hal etilishiga shaxsan men ishonaman.

Shuhrat Shokirjonov

 

Ko'proq yangiliklar: