Putin o'zining vorisi haqidagi gaplarga munosabat bildirdi

Jahon 20 Aprel 2017 48720
Фото: ТАСС

Rossiya prezidenti Vladimir Putin undan keyingi prezidentni faqatgina xalq tayinlashini aytdi. Putin Kremlda "Pobeda" tashkiliy qo'mitasining yig'ilishida o'zining vorisi haqidagi gapga shu tariqa munosabat bildirdi. 

"Prezident vorisini Rossiya xalqi demokratik saylovlar asosida tanlaydi va boshqa hech kim emas", deb aytdi Putin Afg'onistondagi urush nogironlari Umumrossiya tashkiloti vakili Andrey Chepurniyning gaplariga javoban.

Ikkinchi jahon urushining nishonlanishiga tayyorgarlik ko'rishga bag'ishlangan yig'ilishda Chepurniy o'z tashkilotiga go'yoki Federatsiya kengashi mudofaa qo'mitasining rahbari birinchi o'rinbosari Frants Klintsevich tomonidan tashkillashtirilayotgan muntazam tekshiruvlardan shikoyat qilib, Klintsevich go'yoki Putinning vorisi sifatida Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodinni aytganini ta`kidlab o'tdi. 

Putin Chepurniyning Klintsevich urush faxriylari tashkilotini "yo'q qilishga" urinishlari yuzasidan bildirgan e`tirozlariga bu mojaro haqida birinchi marta eshitayotganini aytgan va uni hal qilishga va`da bergan. "Fikrimcha, afg'on urushi faxriylarini "tugatamiz" qabilidagi gaplar bilan qo'rqitib bo'lmaydi. Gap nimadaligini bilishga harakat qilib ko'raman", deb qo'shimcha qilgan Putin va o'z ma`muriyati boshlig'i birinchi o'rinbosari Sergey Kiriyenkoga bu vaziyat bilan shug'ullanishga ko'rsatma bergan.   

Klintsevichning o'zi esa Putinning vorisi sifatida Volodinni aytgan-aytmaganini bilish maqsadida berilgan savolga "Men nima telbaga o'xshaymanmi?", deb javob qaytargan.

 

Ko'proq yangiliklar: