17:19 / 20.04.2017
31028

O‘zbekistonda shifokorlarning malaka oshirish tizimi o‘zgardi

Prezident boshchiligida shu yilning 5 yanvar va 7 fevral kunlari sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvlarda, shuningdek, davlat rahbari raisligida 30 mart kuni o‘tkazilgan videoselektor majlisida tibbiyot xodimlari malakasini yuksaltirish va ularni qayta tayyorlash masalasiga alohida to‘xtalib o‘tilgan edi. Xususan, Prezident Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti faoliyatini tanqidiy o‘rganib chiqib, uni rivojlantirish bo‘yicha takliflar tayyorlash lozimligini ham ta'kidladi.

Shu yilning 4 aprelida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining qabul qilinishi ana shu yulda tashlangan muhim qadam bo‘ldi.

Xo‘sh, ushbu huquqiy hujjatga ko‘ra, tibbiyot xodimlarining malaka oshirish hamda qayta tayyorlash tizimida qanday yangiliklar yuz berdi? Shifokorlarning uzluksiz ta'lim olishi uchun qanday imkoniyat va imtiyozlar berilmoqda? Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Fan va o‘quv yurtlari bosh boshqarmasi boshlig‘i O‘ktam Ismoilov quyidagilarni gapirib berdi.

– Hujjatda asosiy e'tibor malakali tibbiyot kadrlari tayyorlashning jahon talablariga javob beradigan yagona tashkiliy tuzilmasini yaratishga qaratilgan, – dedi O‘. Ismoilov. – Ushbu maqsadda Germaniya, Fransiya, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Yaponiya, Janubiy Koreya, Rossiya tajribasi o‘rganildi. Ulardagi noyob amaliyotlar, o‘qitish uslublari, o‘quv dasturlaridagi o‘ziga xosliklar taqqoslanib, mamlakatimizda joriy etilmoqda.

Xabaringiz bor, avvallari mamlakatimizda tibbiyot xodimlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash uchta muassasada — Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti, Samarqand davlat tibbiyot instituti va Andijon davlat tibbiyot institutining malaka oshirish fakultetlarida amalga oshirilar edi. Hozirda yurtimizda 72 mingdan ortiq shifokor faoliyat yuritayotganini inobatga olsak, atigi uchta muassasa ular malakasini oshirish va qayta tayyorlash vazifasini to‘la-to‘kis amalga oshira olmasligi yaqqol namoyon bo‘ladi. Joylarga chiqib haqiqiy holat o‘rganilganda, ayrim mutaxassislar “qog‘ozda boru, amalda yo‘q” qabilida malaka oshirib kelayotgani ham aniqlandi.

Shu bois, real ehtiyojdan kelib chiqib, endilikda tibbiyot xodimlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash imkoniyati nafaqat Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti, balki barcha tibbiyot oliy ta'lim muassasalari huzuridagi vrachlar malakasini oshirish fakultetlari, kafedra va kurslari, tibbiyot oliy ta'lim muassasalari klinikalari, respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari, Respublika davolash-profilaktika muassasalariga ham berildi. Bu qulaylik shifokorlarning uzluksiz malaka oshirishi va qayta tayyorlash kurslarida o‘qish uchun uzoq navbatlar hosil bo‘lishini oldini olishda, turli o‘quv muassasalari o‘rtasida raqobat muhitini shakllanishi, eng muhimi, tizimning sifatli va samarali ishlashiga xizmat qilishi shubhasiz. Yana bir e'tiborli jihati shundaki, yuqoridagi muassasalarning kadrlar salohiyati va moddiy-texnik bazasidan foydalanish orqali tibbiyot xodimlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash imkoniyatlari yanada kengayadi.

Tibbiyot sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassis uchun malaka oshirish eng muhim bosqichlardan hisoblanadi. Chunki ayni shu jarayonda sohaga doir ilmiy va amaliy yangiliklar, jahon tibbiyotida kasalliklarning oldini olish va davolash bilan bog‘liq zamonaviy amaliyotlar, tibbiyotga kirib kelayotgan texnika va texnologiyalardan xabardor bo‘linadi. Zamonaviy tibbiy amaliyotlarni o‘zlashtirish va faoliyatda qo‘llash orqali xalqimizga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirib, o‘lim va nogironlik ko‘rsatkichlarini kamaytirishga erishish mumkin.

Demak, malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslaridan o‘tayotgan shifokorlarga ta'lim berish o‘ta mas'uliyatli vazifa. Avvalo, shu mas'uliyatni his qila olgan, uning talablariga to‘la-to‘kis javob bergan mutaxassislar ushbu kurslarda ta'lim bermog‘i lozim. Shu bois, tibbiyot xodimlari malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimi muassasalarida professor-o‘qituvchilari tarkibini attestatsiyadan o‘tkazish, uning natijasiga ko‘ra kerakli bilim va amaliy ish tajribasiga ega bo‘lgan yuqori malakali tashabbuskor xodimlar bilan to‘ldirilishini ta'minlash ko‘zda tutilmoqda.

Bundan tashqari, professor-o‘qituvchilar xorijdagi yetakchi tibbiyot muassasalarida malaka oshirishi, xorijlik mutaxassislarning mamlakatimizga kelib o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazishi, hatto eng chekka tumanlarda faoliyat yuritayotgan shifokorlar uchun mahorat darslari o‘tish tizimini amaliyotga tatbiq etish belgilandi.

Yana bir muhim jihat tibbiyot xodimlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tizimidagi o‘quv dasturlari bilan bog‘liq. Darhaqiqat, mashg‘ulotlar ko‘p hollarda zamon talablariga javob bermaydigan darsliklar bilan o‘tilayotgani e'tirozlarga sabab bo‘layotgan edi. Qaror bilan yaqin oylarda tizimda ta'lim jarayonining mazmun va sifatiga qo‘yilgan talablarni, shuningdek, mutaxassislar tayyorlashning har bir yo‘nalishi uchun o‘quv dasturlarini qayta ko‘rib chiqish belgilandi. Qolaversa, har bir hududga xos kasalliklarning uchrashi va ularni kelib chiqishiga sabab bo‘luvchi omillarni hisobga olgan holda o‘quv dasturlarini ham ana shu talabdan kelib chiqib shakllantirilishini belgilanishi tibbiyot xodimlarining malaka oshirish tizimida muhim bosqich bo‘lishi tabiiy.

Zamonaviy tibbiyotda hamshiralik ishi sohaning tayanch ustuniga aylanib ulgurdi. Shu nuqtai nazardan, hujjatda 2017/2018 o‘quv yilidan boshlab Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida oliy ma'lumotli tibbiyot hamshiralari va tibbiyot texnikasi bo‘yicha muhandis-texnik xodimlar malakasini oshirish ham ko‘rsatib o‘tilgan. Ilgari oliy ma'lumotli hamshiralar Respublika o‘rta tibbiyot va dorishunos xodimlar malakasini oshirish va ixtisoslashtirishdan o‘tkazish markazida malaka oshirar edi. Ammo ushbu mezon o‘zini oqlamadi. Ya'ni oliy ma'lumotli hamshiralar bugun yuqori bilim-saviyaga ega bo‘lib, ularning malakasini shifokorlar darajasida yuksaltirish zarur.

Tizimni modernizatsiyalash jarayoni ham e'tibordan chetda qolmadi. 2018 yil 1 yanvardan boshlab Sog‘liqni saqlash vazirligi muassasalari va aholiga tibbiy xizmatlar ko‘rsatuvchi boshqa tashkilotlarning tibbiyot xodimlari malakasini oshirishning yagona elektron ma'lumotlar bazasi joriy etiladi. Ushbu bazada malaka oshirish tizimiga doir barcha ma'lumotlar bitta joyda jamlanadi, unga mutaxassislar, o‘quv dasturlari, malaka oshirish soatlari, malaka oshirgan mutaxassis haqida ma'lumotlar kiritiladi.

Qolaversa, endilikda malaka oshirish kurslariga yuborilgan tinglovchilarning butun o‘qish davrida asosiy ish joyidagi o‘rtacha oylik ish haqi saqlanadi. Bundan tashqari, asosiy ishidan ajralgan holda boshqa xududlardan malaka oshirish kursiga yuborilgan tinglovchilarga o‘qish joyiga bir marta kelish va ketish hamda yashash xarajatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yuboruvchi tomon hisobidan qoplanishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, qaror bilan tibbiyot xodimlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tizimining tashkiliy tuzilmasi, sxemasi, Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti tuzilmasi yangi tartibda tasdiqlandi.

Qisqacha aytganda, Vazirlar Mahkamasining mazkur qarori tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish, ularning professional bilimlarini hamda zamonaviy tibbiyot texnikasi va axborot texnologiyalari bilan ishlash borasidagi amaliy ko‘nikmalarini doimiy ravishda yangilash, respublika va jahon tibbiyoti sohasidagi oxirgi yutuqlardan samarali foydalanishni ta'minlashga xizmat qiladi.

Furqat Sanayev yozib oldi.

Top