Yaponiyada KXDR ehtimoliy raketa zarbasi bo'yicha tavsiyalar e`lon qilindi

Jahon 21 Aprel 2017 5695
Фото: AP

Yaponiya hukumati juma kuni KXDRning ehtimoliy raketa zarbasi holatida mamlakat aholisi uchun tavsiyalarni e`lon qildi. Bu haqda Kiodo agentligi xabar bermoqda.

Ma`lumotlarga ko'ra, Yaponiya hukumati shundan vaziyatda ko'chada bo'lgan insonlarga mustahkam binolar yoki yer osti qavatlarda yashirinishni, agarda bunday joylar bo'lmasa, yerga yuztuban yotib olishni tavsiya qildi. Binolardagi odamlarga esa derazalari bo'lmagan xonalarda yashirinish maslahat berildi.

KXDRning ehtimoliy raketa zarbasi vaqtida o'zini-o'zi himoya qilish choralari haqidagi ma`lumot Yaponiya vazirlar mahkamasi kotibiyati va qator prefekturalar favqulodda vaziyatlar va yong'inga qarshi xavfsizlik boshqarmasi vakillari, shuningdek, Tokio ma`muriyati tomonidan berildi. Raketa zarbasi haqidagi signal J alert ogohlantirish tizimi ovoz kuchaytirgichlari, maxsus radioaloqa, munitsipalitetlar sayti va elektron manzil orqali beriladi.

Shuningdek, Yaponiya hukumati mahalliy hokimiyatlarga aholini raketa zarbasi holatida evakuatsiya qilish bo'yicha mashqlar o'tkazishni tavsiya qildi.

Yaponiyada raketa tahdidi juda jiddiylik bilan qabul qilinmoqda, sababi Shimoliy Koreya ballistik raketalari bir necha bor sinov paytida ushbu mamlakat qirg'oqlari yaqinida qulagan. 

Avvalroq Yaponiyada kutilmagan raketa zarbasi paytida evakuatsiya va himoya usullari haqida ma`lumotlar bo'lgan portalga murojaat qilish ko'paygani haqida xabar bergandik.

Ko'proq yangiliklar: