Iqtisodiy tahlilchi Yuliy Yusupov prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 19 aprel kuni o'tkazilgan videoselektor majlisini sharhladi.

«Islohotlarga konvertatsiya joriy qilinishidan manfaatdor bo'lmaganlar tish-tirnog'i bilan qarshi chiqishyapti», — deydi u.

«Iqtisodiy islohotlarsiz importni optimizatsiya qilish va eksport salohiyatini  amaliyotga tatbiq etishning iloji yo'q», — degan Yusupov.

Majlisda ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirish hisobiga importni optimallashtirish choralari, shuningdek, eksportning prognoz parametrlari va hajmini oshirish masalalari muhokama etilgan edi.

Davlat rahbari valyuta mablag'larining samarasiz ishlatilishiga sabab bo'luvchi import hajmining asoslanmagan o'sishi masalasini o'rtaga tashladi. Import strukturasi va nomenklaturasi importchilarning faoliyatiga mosligini nazorat ostiga olish, shuningdek, bojxona to'lovlari bo'yicha qonunchilikda nazarda tutilgan imtiyozlarni to'liq qayta ko'rib chiqish bo'yicha topshiriqlar berildi. Siz bu choralarni qanday baholaysiz?

— Avvalo bir necha vaziyatlarni ajratib olish lozim. 

Birinchidan

Import hajmining asoslanmagan o'sishi muammosi, nazarimda, mamlakatda bir necha valyuta almashtirish kursi mavjudligi bilan bog'liq. Prezidentni tashvishga solayotgan narsa, aftidan, rasmiy kurs orqali katta hajmda import mahsulotlar xarid qilinayotgani bo'lsa kerak. Bu nega yuz bermoqda? Javob ravshan: bozor kursi (qora bozor va birja kursidan) karrasiga farqlanuvchi rasmiy kurs bilan valyuta sotib olishga qodir importchilar valyuta sotib olish faktining o'zidayoq ulkan, ishlab topilmagan foydaga ega bo'lishadi. O'z-o'zidan tushunarliki, rasmiy kursdagi valyutaga talab amalda hech qachon cheklanmagan bo'ladi. 

Bu muammoni faqat rasmiy almashtirish kursini devalvatsiya qilish, joriy operatsiyalar bo'yicha konvertatsiyaga cheklovlarni bekor qilish va naqd pul aylanmasi yo'lidagi ma`muriy to'siqlarni yo'q qilish bilangina yechish mumkin, bu choralar valyuta ayirboshlash kurslarining yagona bo'lishiga olib kelishi kerak. Amaldorlarning kabinetida emas, bozor sharoitda shakllangan ayirboshlash kursi talab va taklifning muvozanatga kelishini ta`minlaydi, valyutaga bo'lgan katta talabni yo'qqa chiqaradi, bugungi kunda valyutani davlat kursida xarid qilayotgan tanlangan importchilarni buyuk daromadlardan mahrum etadi. 

O'z-o'zidan, importchilar faoliyatiga import strukturasi va nomenklaturasining mos kelmayotgani muammosi ham yechiladi. Agar rasmiy kurs bo'yicha konvertatsiyadan yirik daromad olish imkoni bo'lmasa, iqtisodiyotning barcha sub`yektlari yagona kurs bo'yicha valyutani erkin xarid qilishi yoki sotishi mumkin bo'lsa, korxonalar uchun noprofil faoliyat uchun valyuta xarid qilishning nega keragi bor?
 
Ikkinchidan 

Hech qachon ma`muriy usulda importni mexanik cheklash choralarini qo'llamaslik kerak. Bu iqtisodiyotga ziyon yetkazadi. Avvalo, iste`molchilar jabr ko'rishadi: ular sifati pastroq, narxi balandroq mahsulotlarni sotib olishga majbur bo'lishadi. Ikkinchidan, ishlab chiqaruvchilarimizning raqobatbardoshligiga putur yetadi. Ularga raqobatga chidamli mahsulot ishlab chiqarishlari uchun import xom ashyo, butlovchi qismlar va asbob-uskunalar kerak. Bundan tashqari, importni cheklash raqobatni o'ldiradi va bu ham raqobatbardoshlikka salbiy ta`sir o'tkazadi. Uchinchidan, importni sun`iy ravishda cheklash, iqtisodchilarga yaxshi ma`lumki, eksportga ham o'z ta`sirini o'tkazadi.

Gap nafaqat eksportchilar uchun import resurslarga yetishishda to'siqlar paydo bo'lishida, gap shunda hamki, importni cheklash xorijiy valyutaga bo'lgan talabning susayishiga, oqibatda milliy valyutaning ayirboshlash kursining oshishiga (dollar kursining pasayishiga) sabab bo'ladi. Bu esa eksportchilar uchun foydali emas (ular eksportdan ishlab topgan dollarlariga kamroq so'm olishadi). Natijada, eksport va mamlakatga valyuta tushumi qisqaradi. Nuqsonli aylana hosil bo'ladi: biz valyutani tejash uchun importni qisqartiramiz, biroq shu yo'l bilan shu valyutani ishlab topishga rag'batni o'ldiramiz.

O'z-o'zidan, importni optimallashtirish g'oyasi konvertatsiyani yanada ko'proq sun`iy cheklash aksiyasiga aylanib ketmasligi juda muhim. Amaldorlarimizning ma`muriy g'ayrati hammamizga juda yaxshi ma`lum. Ular «do'ppi o'rniga boshni keltirish»ni qoyillatishadi. Natijada, biz muammoni hal qilinishi o'rniga uning yanada keskinlashganiga guvoh bo'lamiz.

Uchinchidan

Endi qonunchilikda bojxona to'lovlari bo'yicha taqdim etilgan imtiyozlarni qayta ko'rib chiqish maslasiga to'xtalsak. Shubhasiz, bu juda zarur: bunday imtiyozlar va boshqa korxonalarda bunday imkoniyat bo'lmagan sharoitda ayrim korxonalarga past rasmiy kursda valyuta sotib olish imkoniyati taqdim etilgani — iqtisodiyotimizda raqobatning barbod bo'lishining eng katta manbasidir. Toki biz teng bo'lmagan o'yin sharoitlari — ayrimlar imtiyozli konvertatsiya, bojxona, soliq va boshqa imtiyozlariga ega bo'lib turib, boshqalarga bunday imkoniyatlar taqdim etilmagan holatda hech qachon raqobatbardosh iqtisodiyot barpo eta olmaymiz. Chunki bunday sharoitda samarali ishlayotganlar emas, tanishi va imtiyozlarni «xarid qilish»ga imkoniyati borlar yashayveradi.  

Biroq, imtiyozlarni bekor qilish bojxona to'lovlarining pasaytirilishi bilan amalga oshirilishi kerak. Hozir ular juda baland, bu aslida milliy ishlab chiqaruvchini himoyalamaydi, kontrabanda va korrupsiyaning keng quloch yoyishiga zamin yaratadi.

Shunday qilib, importni optimallashtirish muammosini yechish kaliti valyuta bozori va tashqi savdo rejimini erkinlashtirish yuzasida yotibdi. Milliy ishlab chiqaruvchilarning eng ishonchli himoyachisi — import yo'lidagi foyda bermaydigan, qaytaga ishlab chiqaruvchilarga zarar yetkazadigan ma`muriy to'siqlar emas, bozordagi yagona valyuta ayirboshlash kursidir. Aynan u importga talabni susaytiradi va bozorning barcha ishtirokchilari uchun teng o'yin qoidalari taqdim etadi.

«Milliy ishlab chiqaruvchilarning eng ishonchli himoyachisi — import yo'lidagi to'siqlar emas, bozordagi yagona valyuta ayirboshlash kursidir».

— Prezident eksport hajmini oshirishda barcha imkoniyatlardan foydalanilmayotgani haqida ham gapirdi...

— To'liq qo'shilaman, biz eksport salohiyatimizdan yaxshi foydalanmayapmiz.

— Eksport salohiyatini ro'yobga chiqarish uchun nimalar qilinishi kerak?

— Birinchidan, o'sha uzoq kutilayotgan valyuta bozorini erkinlashtirish amalga oshirilmog'i kerak. Eksportchilar konvertatsiya yo'qligi va bir necha ayirboshlash kursi mavjudligidan qiynalishmoqda. Ularning aksariyati o'zining valyuta tushumini davlat kursida sotishga majbur, bu esa ularga qo'shimcha soliq solish bilan teng. Ularning raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishda asqotadigan import resurslarni xarid qilishda qo'llari bog'langan. Erkin valyuta bozori yo'qligi sababli ular o'z valyuta tushumlarini har doim ham samarali tasarruf eta olishmaydi.

Ikkinchidan, eksport yo'lidagi ma`muriy to'siqlarni olib tashlash kerak, masalan 100 foiz oldindan to'lov va valyuta tushumining o'z vaqtida kiritmaslik uchun jarimalar kabi. Jarimalarni negadir to'lovni o'z vaqtida amalga oshirmagan xaridor emas, eksportchi to'laydi, boz ustiga, eksport qilingan mahsulot uchun xaridor to'lov amalga oshirgani yoki yo'qligidan qat`i nazar, eksportchi soliq to'laydi. 

Uchinchidan, ayrim turdagi mahsulotlar, masalan, meva-sabzavot mahsulotlari, paxta eksport qilish bilan shug'ullanayotgan monopol strukturalarga barham berish kerak. Eksport operatsiyalari bilan davlat monopoliyalari emas, xususiy, bir-biri bilan raqobat qiluvchi korxonalar shug'ullanishlari kerak, chunki monopoliya hech qachon yaxshilikka olib kelmagan. Davlat esa bu holda xom ashyo eksportiga bojxona yig'imlari joriy etib, o'z foydasini olaveradi.

«Ayrim turdagi mahsulotlar, masalan, meva-sabzavot mahsulotlari, paxta eksport qilish bilan shug'ullanayotgan monopol strukturalarga barham berish kerak».

— Modomiki valyuta bozorini erkinlashtirish shu qadar muhim ekan, nega shu paytgacha buni amalga oshirishmagan?

— Birinchidan, aftidan, hukumat bu harakatga tayyorlanmoqda, salbiy oqibatlarni bartaraf etish yoki yumshatish choralarini izlamoqda.

Ikkinchidan, va nazdimda, eng asosiysi — islohotlarga konvertatsiya joriy etilishidan manfaatdor bo'lmaganlar tish-tirnog'i bilan qarshi chiqishmoqda. Eng xavfli tomoni shundaki, bu qarshilik ro'y-rost, ochiq emas, hukumatning qaysi bir koridorlarida yashirin, maxfiy tarzda amalga oshirilmoqda. Shu sababli unga qarshi turish juda qiyin.

— Sizningcha, bizni nimalar kutmoqda?

— Yaqin kelajakda islohotlar baribir amalga oshirilishidan umidim katta. Yaqinda senator Sodiq Solihovich Safoyev ta`kidlab o'tganlaridek: «Valyuta bozorini, shuningdek, iqtisodiyotni erkinlashtirish doimo o'z qiymatiga ega bo'lgan, biroq uni to'xtatish yoki islohotlar amalga oshirilmasligining to'lovi doimo qimmatroq».

Biroq, shu narsani e`tibordan qochirmaslik kerakki, valyuta bozorini erkinlashtirish — barcha dardlarga davo emas, shunchaki soliq, bank, ma`muriy, agrar va boshqa islohotlarni qamrab olgan kompleks iqtisodiy islohotlarning muhim elementlaridan biri hisoblanadi.