11:51 / 21.04.2017
43453

Toshkentda tuman DSI bosh inspektor-taftishchisi 80 ming dollar pora olayotgan vaqtida qo‘lga olindi

Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani davlat soliq inspeksiyasida bosh inspektor-taftishchi lavozimida ishlagan O‘.Saidov davlat soliq qo‘mitasi raisining buyrug‘i bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergov harakatlari olib borilayotgan “PSM GROUP” AJ tizimiga kiruvchi “Oltin voha agro biznes” MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi yuzasidan hujjatli taftish o‘tkazishi lozim edi. Ammo, u o‘z mansab vakolatidan foydalanib, qaltis ishga qo‘l uradi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

O‘z xizmat vakolati doirasidan kelib chiqqan holda tekshiruvni boshlab yuborgan taftishchi mas'uliyati cheklangan jamiyat faoliyatida yo‘l qo‘yilgan bir qancha kamchiliklarni aniqlaydi. Kamchiliklarni tegishli tartibda rasmiylashtirish o‘rniga o‘z manfaatini ko‘zlab, “PSM GROUP” AJ raisidan ochiqdan-ochiq pora talab qiladi.

-  Aniqlangan kamchiliklar ko‘p. Agar bu kamchiliklaringizni rasmiylashtirib, dalolatnomaga kiritsam, sizlarga ancha qiyin bo‘ladi. 7 mlrd. 500 mln. so‘mlik tovarlar aylanmasini debitorlik qarzdorlikka o‘tkazib yozib beraman. Evaziga 120 ming “ko‘k”idan uzatsangiz bas, ishlaringiz besh, - deya o‘z maqsadini oshkor qiladi taftishchi. 

Tadbirkor taftishchiga buncha puli yo‘qligini, 60 ming AQSh dollari bera olishini aytadi. 

Maqsadi amalga oshayotganidan ko‘ngli chog‘ taftishchi 90 ming “ko‘ki” berilsa, rozi bo‘lishini aytadi. Tadbirkor va taftishchi o‘zaro savdolashib, 80 ming dollarda to‘xtashadi.

Tadbirkor taftishchining tamagirligiga qonuniy chora ko‘rishni so‘rab, huquq-tartibot idoralari xodimlariga murojaat etdi. Olib borilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida o‘z xizmat vazifasini suiiste'mol qilgan O‘.Saidov pora olayotgan vaqtda qo‘lga olindi.

Sud hukmiga ko‘ra, O‘.Saidov O‘zbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalari bilan aybdor deb topilib, 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Mavzuga oid
Top