Toshkentdagi Interpol milliy markaziy byurosida matbuot brifingi bo'lib o'tdi

O'zbekiston 21 Aprel 2017 8393

2017 yil  21  aprel kuni O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “Interpol” milliy markaziy byurosi binosida “Ichki  ishlar organlari tizimida amalga oshirilayotgan tub islohotlar yuzasidan” OAV vakillari uchun brifing o'tkazildi. Brifing maqsadi haqida O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o'rinbosari Boboxonov Akromxon izoh berib o'tdi.

Unda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 10 aprel kuni qabul qilingan 5005-sonli “Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta`minlashda ularning mas`uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmoni va 12 aprel kungi 2883-sonli “Ichki ishlar organlari faoliyatini yanada takomillashtirish bo'yicha tashkiliy chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori; 

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yilning 18 aprelda qabul qilingan “Ichki ishlar organlarining jinoyatlarni tergov qilish sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish bo'yicha chora-tadbirlar to'g'risida”gi va “Ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish bo'yicha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori yuzasidan axborotlar va sharhlar berildi. 

Shuningdek, matbuot brifingida IIV Jinoyat qidiruv va terrorizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi boshqarma boshlig'i Ulug'bek Adilov, IIV Xorijga chiqish kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi boshlig'ining o'rinbosari Ulug'bek Toshxo'jayev, Yo'l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi Matbuot bo'linmasi katta inspektori Mansurjon Rixsiyev, IIV Faxriylar kengashi a`zosi, iste`fodagi polkovnik O'tkir Jo'rayevlar ma`ruza qilib, ichki ishlar organlarida o'tkazilayotgan tub islohotlar, uning mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlashda muhim axamiyat kasb etishini ta`kidladilar.

Mustaqillikning ilk yillarida sohada tub islohotlar o'tkazilib, ichki ishlar organlarini jazolovchi, nazorat qiluvchi organdan xalq, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qiladigan tuzilmaga aylantirish bo'yicha samarali ishlar amalga oshirildi.  Ushbu yo'nalishda amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi sifatida ichki ishlar organlari faoliyatining huquqiy asoslarini mustahkamlash, ularning vazifalari, huquqlari va majburiyatlarini qonun darajasida belgilash, ichki ishlar organlari xodimlarini ijtimoiy himoya qilishni yanada kuchaytirish maqsadida o'tgan yilning sentabr oyida “Ichki ishlar organlari to'g'risida”gi Qonun qabul qilindi.

Biroq, fuqarolarning ichki ishlar organlari faoliyatiga doir murojaatlarini o'rganish – mazkur Qonun talablarini amaliyotga joriy etish imkoniyatlari, shuningdek, sohada hamon o'z yechimini kutayotgan ko'plab muammo va masalalar mavjudligini ko'rsatdi. 

Farmonda bugungi kunda yuzaga kelayotgan xavf-xatar va tahdidlar, avvalo, xalqaro terrorizm, diniy ekstremizm, noqonuniy migratsiya, odam savdosi, yoshlar o'rtasida xalqimizga yot g'oyalar tarqalishining tobora kuchayib borayotganligi ichki ishlar organlari oldiga o'z vaqtida ularning oldini olish va ularga barham berish bo'yicha yangi vazifalarni qo'yayotganligi aytilib, shu bilan birga, keyingi yillarda ichki ishlar organlari faoliyatida to'planib qolgan jiddiy kamchilik va muammolar ushbu vazifalarni samarali bajarishda to'siq bo'layotganligi ta`kidlanib, birma-bir sanab o'tilgan.

Mazkur Farmon muhim huquqiy va ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega hujjat sifatida ichki ishlar organlari faoliyatining zamon talablariga hamohang tarzda samaradorligini oshirishda huquqiy poydevor vazifasini o'taydi.

Ayni paytda, unda chuqur tahlillar asosida mavjud jiddiy kamchilik va muammolar, ularning kelib chiqish sababi va salbiy oqibatlarini bartaraf qilish, bugungi kun nuqtai nazaridan ichki ishlar organlarining oddiy xodimidan to yuqori rahbarlarigacha barcha-barchasining mas`uliyatini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari qamrab olingan.

Farmonda bu kabi muammo va kamchiliklarni hal etish uchun ichki ishlar organlari tizimini isloh qilishning asosiy yo'nalishlari belgilab berildi. Xususan, ichki ishlar organlarini aholiga o'z vaqtida va sifatli yordam ko'rsatadigan ijtimoiy yo'naltirilgan professional xizmatga aylantirish zarurligi, “Xalq manfaatlariga xizmat qilish” har bir xodimning asosiy xizmat burchi ekani qayd etildi. 

Shuningdek, barcha bo'g'indagi xodimlarning asosiy vazifalarini oqilona taqsimlash bo'yicha chora-tadbirlar ko'zda tutilgan, aholi bilan doimiy manzilli muloqot o'rnatish, ichki ishlar organlari rahbarlarining hokimiyat vakillik organi timsolida xalq oldida hisobot berish amaliyotini joriy qilish, ichki ishlar organlari faoliyatining moddiy-texnika bazasini yanada yaxshilash kabi asosiy yo'nalishlar alohida belgilab berilgan. 


Unda ichki ishlar organlari faoliyati ustidan parlament va jamoatchilik nazoratining yangi tizimi o'rnatilmoqda. Jumladan, Oliy Majlis Senati tomonidan bir yilda ikki marta O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasi holati to'g'risidagi hisobotini eshitish tartibi joriy etilmoqda. 

Farmonda tizimda qator tashkiliy o'zgartishlar nazarda tutilgan. Ayni paytda dunyoning turli mintaqalarida xalqaro terrorizm va diniy ekstremizmning yangi tahdidlari paydo bo'layotgani jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi faoliyatni ichki ishlar organlarining birinchi darajali vazifasi sifatida yanada kuchaytirish zarurligini taqozo etmoqda. Ushbu holatlar e`tiborga olingan holda, Jinoyat qidiruv va terrorizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi negizida Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi hamda Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi tashkil etilmoqda. 

Tergov organlarining mustaqilligini ta`minlash, ularning o'z vakolatlarini amalga oshirishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida Tergov bosh boshqarmasi O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamentiga o'zgartirilmoqda. Bu esa har qanday jinoyatga va qonunbuzarlik uchun jazoning muqarrarligini ta`minlash va har qanday jinoyatga qarshi xalq nafratini uyg'otishga imkon beradi. 

Bundan tashqari, kadrlar masalasiga va tizimga yetuk mutaxasssis kadrlar yetkazib berish masalalariga jiddiy e`tibor qaratilib, serjantlar tarkibini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazlari - yangi talablar asosida faoliyat yuritadigan ichki ishlar organlari xodimlarini boshlang'ich tayyorlash va malakasini oshirish markazlariga,  O'zbekiston Respublikasi IIV Toshkent oliy harbiy-texnika bilim yurti - Harbiy-texnika institutiga,  Yong'in xavfsizligi oliy texnik maktabi esa Yong'in xavfsizligi institutiga aylantirildi.

Shuningdek, xorijga chiqish, kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasining aholi ko'p murojaat qiladigan tuman (shahar) bo'limlarida ish hajmining to'g'ri taqsimlanmaganligi sababli noqulayliklar va sansalorliklar yuzaga kelmoqda. Ichki ishlar organlari faoliyatini tubdan isloh qilish zarurligi e`tiborga olinib, ushbu yo'nalishda Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi tashkil etiladi. 

Farmonda qayd etilgan asosiy vazifalarni bajarish bo'yicha zarur tashkiliy va huquqiy mexanizmlarni amalga oshirish maqsadida Ichki ishlar organlari tizimini tubdan isloh qilish bo'yicha kompleks chora-tadbirlar Dasturi tasdiqlandi. 

Ko'proq yangiliklar: