14:48 / 22.04.2017
29519

Toshkentlik shaxs tanishini 1 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ga chuv tushirib ketdi

Toshkentlik Alisher Sunnatullayev (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) nafsini jilovlay olmagani oqibatida halol yo‘ldan egrisi tomon og‘a boshladi. Uning durustgina tikuv sexi bor edi, biroq topganiga qanoat qilmay, mo‘may pulni qo‘lga kiritish niyatida firibgarlikka qo‘l urdi. Eng achinarlisi, u o‘zining tanishi G‘olibjon Xo‘janazarovni chuv tushirdi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Odatdagi uchrashuvlarning birida G‘olibjon shaharda joylashgan, ko‘pdan buyon foydalanilmayotgan bir binoni sotib olib, u yerda tikuvchilik sexini tashkil qilmoqchi ekanligini aytib qoldi.

-  Hamma narsaning iloji bor. Xorijdan texnologiya olib kirishga ham, joy masalasi bo‘yicha ham tanishlarim bor. Xarajatiga turib bersang, gaplashib, hammasini hal qilamiz, - dedi Alisher unga.

-  Gap bo‘lishi mumkin emas, xarajatidan qochmayman, u tomonlarini yaxshi bilaman.

Alisher o‘zining gaplari bilan go‘yoki tanishini qisqa vaqt ichida katta bir korxonaning rahbariga aylantirib qo‘ydi.

-  Sizga aytgan ishni amalga oshirish uchun taxminan qancha mablag‘ kerak bo‘ladi? – dedi G‘olibjon.

-  Ko‘pi bilan bir milliard so‘mdan ortiqroq bo‘lsa, tayyor korxona kaliti sizga topshiriladi, - deya yolg‘on gaplarini xuddi rostdek qilib gapirdi Alisher.

Shundan so‘ng G‘.Xo‘janazarov 2014 yilning dekabr oyida 1 mlrd. 80 mln. so‘m pulni Alisherning qo‘liga tutqazadi. Oradan bir yil vaqt o‘tadi, ammo A.Sunnatullayev va'dasini bajarish o‘rniga, olgan pullarini o‘z ehtiyojlariga sarflab yuboradi.

Oradan o‘tgan vaqt G‘olibjonning ko‘ngliga shubha soladi. Shundan so‘ng “hojatbaror”ni qistovga oldi. Biroq, Alisher juda ishonarli javob qildi.

-  Bu oson ish emas. Sizga o‘xshaganlar juda ko‘p. Men tanishlarimni ishga solib qo‘yganman. Faqat bu ishga yana ozroq pul kerak bo‘layapti.

-  Yana qancha kerak bo‘ladi, - dedi G‘olibjon.

-  Bilasiz, narx-navo ko‘tarilib ketdi, shunga yana 90 mln. so‘m bersangiz, ish bitadi, - dedi Alisher.

Biroq, bu safar G‘.Xo‘janazarov bu pulni shunchaki berib yubormadi. Alisher ham yana shuncha pulni qo‘lga kiritish uchun, yana bir firibgarlikka qo‘l urdi. U nomida bo‘lgan bir uyni garovga qo‘yib, bankdan kredit olgan edi. Aynan shu hovlining hujjatlarini G‘olibjonning qo‘liga tutqazib, yana 90 mln. so‘mni oladi va bu pullarni ham sarflab yuboradi. Ammo muammo yechim topmay qolaverdi.

-  Bo‘lmaydigan ishga o‘xshaydi. Shuning uchun pullarimni qaytarib beravering, - deya talab qildi galdagi uchrashuvda G‘olibjon.

Bu holat bir necha bor takrorlanishiga qaramay, A.Sunnatullayev turli vaj-karsonlarni ko‘rsatishdan charchamadi. Oxir-oqibat sabr kosasi to‘lgan G‘.Xo‘janazarov firibgarga qonuniy chora ko‘rishlarini so‘rab, huquqni muhofaza qiluvchi organga murojaat qildi.

Sud A.Sunnatullayevning qilmishiga yarasha jazo tayinlab, hukm chiqardi. 

Mavzuga oid
Top