15:46 / 22.04.2017
6391

O‘zbekiston va Singapur Prezidentlari o‘zaro tabrik maktublari bilan almashishdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Singapur Respublikasi Prezidenti Toni Tan Keng Yam ikki davlatlar o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganligining 20 yilligi munosabati bilan o‘zaro tabrik maktublari bilan almashishdi.

O‘zbekiston Prezidenti o‘z maktubida shuni mamnuniyat bilan qayd etdiki, o‘tgan vaqt mobaynida “uzoq muddatli va keng qamrovli hamkorlik o‘rnatishda” ko‘zga ko‘rinarli natijalarga erishildi, “siyosiy muloqot, jumladan xalqaro tashkilotlar doirasidagi munosabatlar, savdo-iqtisodiy va investitsion, madaniy-gumanitar aloqalar rivojlanmoqda”.

Singapur kompaniyalarining O‘zbekistonda yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni tashkil qilib, mamlakatimizni modernizatsiya qilish va texnologik jihatdan yangilashga o‘z hissasini qo‘shgan holda samarali faoliyat olib borayotgani yuqori bahoga loyiqdir. Bugungi kunda O‘zbekiston iqtisodiyotining turli jabhalari uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlab berayotgan Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti ham muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda.

Singapur Prezidentining maktubida “Singapur va O‘zbekiston so‘nggi 20 yil davomida birgalikda ham ikki tomonlama shaklda, ham xalqaro maydonda samarali hamkorlik olib borayotgani, – ta'kidlangan. – Mamlakatlarimizning tashqi ishlar vazirliklari doimiy asosda siyosiy maslahatlashuvlarni o‘tkazib kelishmoqda. Singapur oliy o‘quv yurtlari va kompaniyalari O‘zbekistonda faoliyat yuritmoqda. Uzluksiz siyosiy va iqtisodiy almashinuvlar O‘zbekiston va Singapur o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar va yaqin hamkorlikning yaxshi belgisidir”.

“Xalqlarimiz farovonligi yo‘lida Singapur va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlash uchun Siz bilan birgalikda ishlash imkoniyatini mushtoq bo‘lib kutyapman”, - deyiladi Prezident Toni Tan Keng Yam maktubida.

 

Top