15:20 / 23.04.2017
64795

Boymurodning poytaxtdagi sarguzashtlari. Yana propiska muammosi haqida

Jurnalist Abror Zohidov eng dolzarb muammolardan birini qalamga oldi.

Propiska! Meni tushundingiz...

So‘nggi vaqtlardagi islohotlar samarasi o‘laroq, muammolarni yashirish emas, ularni yechishga bo‘lgan intilishlar tufayli ayrim masalalarda ochiqcha so‘zlash imkoni tug‘ilmoqda. «Kun.uz» sayti bu borada anchagina faol bo‘lib, uloqni ilib ketganini tan olish kerak. Chunki ko‘pchilik singari meni ham qiynayotgan muammolar aks sadosini aynan shu saytda ko‘rayapman.

Sarlavhadanoq anglab yetdingiz. Menda ham poytaxt propiskasi yo‘q. Ne ajabki kasbimiz, kelajak bo‘yicha tasavvurimiz, umuman orzu-havasimiz tufayli poytaxtda yashaymiz, aybga buyurmaysizlar endi. Oilamiz bilan yashaydigan uyimiz bor, bo‘yi cho‘zilib qolgan o‘g‘limga atab ham uy olib qo‘yganman. Hammasi oqibatli yaqinlarning nomida. Har yili ijara shartnomasi, har olti oyda propiska deb ularni bezovta qilib turamiz. Shularning boriga shukr.

Mayli, shu davlatning fuqarosi bo‘lib, qonun hujjatlaridagi cheklovlarga buysunishga majburmiz. Bu gapim ham birortangizga yangilik emas. 

Gap boshqa va qiziq jihatlar haqida. 

Hozircha biz uchun doimiy propiska orzuligicha qolmoqda, vaqtinchasini amallab turibmiz. 

Ma'lumki, poytaxtda militsiya maqomidagi inson borki propiska masalasi ko‘tarilganda qo‘lidagi yashil kitobni ochib «... Toshkentga boshqa hududdan kelgan fuqaro 5 kun ichida vaqtincha propiskadan o‘tishi kerak...» degan jumlalarni o‘qlovdek ko‘rsatadi.

U haq! Shunday yozilgan. Lekin amalda buning iloji bormi?

Yangi talablarga ko‘ra vaqtincha propiskaga kirish uchun avvalo ijara shartnomasi, uy egasinining roziligi, ishxonadan ma'lumotnoma (qizig‘i biror ishga kirish uchun propiska zarur, propiska uchun esa ishxonadan ma'lumotnoma) va yana allaqancha hujjat talab qilinadi.

Demak xuddi biz kabi bugungi qahramonimiz, aytaylik Xorazmdan poytaxtni zabt etish uchun tashrif buyurgan Boymurodga vaqtinchalik propiska zarur (toshkentliklar (yoki poytaxt propiskasi borlar), «zabt etish» jumlasini noto‘g‘ri tushunmang, dunyoning hamma davlati o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘yganlarning yirik shaharlarga intilishi tabiiy jarayon). 

* * *
Xullas chemodanini ko‘targan Boymurod poyezddan tushdi. Uning ixtiyorida katta muddat - roppa-rosa 5 kun bor.
Shitob bilan ishga kirishadi va vaqtinchalik propiska shartlarini bilish uchun pasport stoliga yo‘naladi. O, odamning ko‘pligini qarang! Hamma har xil maqsadda kelgan, lekin 80 foizi Boymurod bilan dardkashov.
Mayli, bitmaydigan ish bor ekanmi? Xullas bir amallab vaqtinchalik propiska uchun zarur bo‘lgan hujjatlarning uzungina ro‘yxati qo‘lga kiritiladi. O‘hho‘! Buncha hujjat bilan kosmik kema uchirib yuborish mumkin deysizmi? Yo‘q, epalaganlar birpasda to‘g‘rilayapti. 

Demak birinchi navbatda ijaraga uy topish kerak ekan. 
Izlaymiz! 
Variantlar mingta, lekin narxi, joyi va eng muhimi egasi shartnoma tuzib, propiskaga qo‘yib beradigani muammo. Taxminan uch-besh kunda (bu eng tezi) kerakli uy ham topiladi. Ijaragirning Toshkan propiskasi yo‘qligini bilib qoshini chimirib turgan uy egasi bir oylik pulni oldindan olsa-da, chehrasi ochilmaydi. Hali hojatbaror maklerlarning xizmat haqi turibdi. 

Mayli, pul bo‘lsa changalda sho‘rva. Bu ham hal qilinadi deylik. Uy egasi ertagayoq ko‘chib kirish mumkinligini aytsa, omad qushi Boymurodning boshiga qo‘nibdi. Lekin odatda uy falon kuni bo‘shaydi, avval ijara shartnomasi bilan propiska qilinadi, keyin kiriladi, degan shartlar qo‘yiladi. Boringki bularga ham eng tezi ikki kun ketadi. Endi uy egasi bir-ikki kunlik ishi borligini, shundan keyin ijara shartnomasi uchun kerakli hujjatlarni tayyorlashini aytadi. Ikki kundan keyin qo‘ng‘iroq qilgan Boymurod quyidagi mazmunda javob oladi: «Pasportistka seshanba kuni tushdan keyin, payshanba va shanba kunlari tushgacha ishlarkan. Seshanba kuni borib rosa navbatda turib ulgurmadim. Endi payshanba kuni borarman...». Boymurodning poytaxtda qonuniy bo‘lish muddatlari soniya sayin tugab bormokda! U zudlik bilan yo Toshkentdan chiqib ketishi kerak, yoki...

Xullas ruxsat berilgan muddat o‘tib bo‘ldi. Boymurod birorta qog‘ozni qo‘lga kiritgani yo‘q. Bu orada kutilgan holat yuz beradi. Ko‘chada undan hujjatlarini so‘ragan militsiya xodimi gajakdor imzo bilan jarima qog‘ozi yozib beradi. Nima ham deyish mumkin, qonun bor, nozir haq, jarima to‘lanishi lozim. O‘tgan kunlar davomida uzluksiz xarajatlar tufayli cho‘ntagi huvillabgina turgan Boymurod itoatkor fuqaro sifatida jarimani to‘laydi. Lekin ma'muriy huquqbuzarlar ro‘yxatiga tirkalib qolgani chatoq bo‘ldi-da...
Yana ikki kun o‘tadi (bu ham eng tezi) va uy egasi hujjatlar tayyor bo‘lgani, notariusga boraverish mumkinligini aytadi. 

Ehhe! Odamning bari notariusda ekan-ku. Davlatga uzluksiz pul tushirib turgan bunday tashkilotlar ko‘paytirilsa, hammaga oson bo‘lmaydimi? Kattalar bir narsani bilmasa qilishmaydi! Aqling yetmaganiga aralashmaging ma'qul.
Ro‘yxatga taxminan o‘ttiz yettinchi bo‘lib yozilgan Boymurodning navbati shu kunlarda kelishi qiyinov. Uy egasi ham vaqti ziqligini aytib yozg‘irib qo‘yadi. Ertasiga kimgadir yaxshi gapirib, kimnidir aldab, ro‘yxatda boru, o‘zi yo‘qlarning nomidan bir amallab kirib oladi. Amali notariusga yordamchi bo‘lsa-da, savlati kolxozga rais bo‘lguday yigit xushlamaygina kutib olib, hujjatlarni sinchiklab tekshiradi. Taxminan 90 foiz holda hujjatda kamchilik chiqadi. 10 foiz hollarda bir topshirishdayoq «o‘tadi». Yordamchi hujjatlarni olib qolib shartnoma qilish kunini belgilaydi. Odatda ertaga tushdan keyin. Bo‘lmasa indinga... yoki yana noaniq. Ijara shartnomasi qilayotganlar ko‘p bo‘lsa, notarius nima qilsin?

Uy egasining dimog‘idan rostmona qurt yog‘ila boshlaydi. «Ishim ko‘p edi, to‘ydan qolib ketdim...». Pulini o‘sha yog‘ilayotgan qurtday sanab bergan bo‘lsang ham ishing tushib turganidan keyin chidaysan-da, nima qilarding? 

Shu kuni juda qiziq bo‘ldi. Ko‘rinishidan avvalgi nozirga o‘xshaydi, lekin gap so‘zidan boshqa ekan. Bo‘lmasa «aka, kechagina jarima soldingizku, yana yozmang» degan gapga ishongan, iltijolarga sal yumshagan bo‘lardi-da. Nozir ham nima qilsin, ma'muriy huquqbuzarlik bo‘lganidan keyin jarimaga tortish kerak-da. Hujjatlar tayyorlanayapti, deb qonunni buzayotgan qancha, qaysi biriga ishonish mumkin? Yana jarima, yana Boymurodboy ro‘yxatda...

Ikki kun o‘tib oltinga teng shartnoma qo‘lga tegdi! Ammo bugun kech bo‘ldi, ertaga esa payshanba, pasport stol ishlamaydi. Juma kuni borar... Ana mana deb 20 kun o‘tib ketibdi. Bu orada Boymurod poytaxtda qonuniy bo‘lish muddatini uch karra o‘tkazib yuborgan bo‘lsada, bor yo‘g‘i ikki marta jarima to‘ladi. Bir omad bo‘lsa shunchalikdirda!

Xullas hamma ishni hal qilgan Boymurod juma kuni pasport stolga g‘oz yurib kirib boradi. U qo‘ltiqlagan hujjatlarni ko‘rishsa og‘izlari ochilib doimiy ro‘yxatga ham qo‘yib yuborishsa ajabmas.

Lekin arining uyasi deganlari bunchalik bo‘lmasov. Ikki yuz chog‘li odam hujjatini topshirib olish ishqida yonmoqda. Lekin qabul qiluvchi xodim bitta! «Eshik yoniga amallab yetib olib bittagina ko‘rsatib chiqay, hammasi joyida bo‘lsa navbatda turaman, bekorga vaqtimni yo‘qotmay» desangiz taxminan ellik kishi xor bo‘lib javob beradi: «Biz ham shu bir marta ko‘rsatish uchun uch kundan beri kutamiz!».

Qabul tushgacha, tayyor hujjatlarni berish tushdan keyin. Pasport stoli ertalab sakkizdan kech sakkizgacha tinim bilmay ishlaydi. 

Mayli, sarguzashtlarni qisqa qilamiz. Qaysidir kuni navbat keladi, qayerdadir borib barmoq izlari olinadi... Hujjatlar ko‘rib chiqiladi!

Pasport stolining mas'ul xodimi ishi ko‘pligidan boshini ko‘tarmay deydi:
«Uy egasini chaqiring, roziligi kerak». 
«Ijara shartnomasini qilib bergan-ku, shu roziligi emasmi?»
Xodim unga boshdan oyoq qarab qo‘yadi.
Boymurod o‘z taajjubining qonun talablari oldida naqadar asossizligini tushunib izza bo‘ladi. Qaytatdan navbatda turgan Boymurodga qo‘shilib uch soat kutgan uy egasi bu safar ochiqcha norozilik bildiradi: «Ijaraga uy bermay, soliq to‘lamay har narsa bo‘lay...».
Rozilik ham amallab olinadi. Xodim yana boshini ko‘tarmaydi:
«Bir haftadan keyin xabar oling». 
Boymurod xotirjam uyga qaytadi. 
Ertasiga eshik taqillaydi. Uchastka noziri Falonchayev!
Propiska yo‘q, jarima! 
«Aka, hujjatlarni topshirdim, yaqinda chiqadi. Qolaversa kecha ko‘chada ikki marta ushlab jarima qildinglar-ku!». 
«Ular boshqalar, bu mening hududim. Hujjatlarni topshirgan bo‘lsangiz avval propiska qilib, keyin ko‘chib kirish kerak edi. Ungacha qayerda yashashingiz mening ishim emas!». 

Boymurodning tepa sochi tikka bo‘ladi. Lekin nachora? Qonun bor, nozir haq. Ayb o‘zida, 23 kundan beri qoidalarni buzib yayrab yuribdi-ku. Lekin hartugul nozir tushunadigan odamga o‘xshaydi, nima qilsayam shu hududning odami-da. O‘zbek o‘zbekka qayishmaydimi? Salom-alik deganday...

Bir haftada ish bita qolmaydi. Boymurod vaqtinchalik propiska qog‘ozini shu ishga kirishganidan so‘ng 33 kun o‘tib qo‘lga kiritadi. Bu tez bitgani haliyam. Qoidani 6 marta buzsa-da, uch marta jarima bilan qutuldi. Shu-da bir yigitning tolesi.

Muhr bosilgan yarim varaq qog‘ozga qarab Boymurodning ko‘ziga yosh keladi. «O propiska, seni qanchalar sog‘ingandim-a. Vaqtinchalik bo‘lsang ham men uchun o‘z yurtimda qanchalik huquqlar berasan! Qog‘ozbozlik bilan kurashish asrida men uchun qog‘ozlar ichra a'losisan!»
R. S. ... olti oy g‘izillab o‘tib ketadi... 

Top