17:12 / 23.04.2017
15772

Bugun klasikoda kimlar o‘ynamaydi?

Bugun, 23 aprel kuni Toshkent vaqti bilan soat 23:45da «Real» va «Barselona» jamoalari o‘rtasida Ispaniya chempionatining 33-turida klasiko bahsidagi uchrashuvni boshlaydi.

Quyida ushbu bahsda diskvalifikatsiya yoki jarohatlar tufayli ishtirok etmasligi aniq bo‘lgan futbolchilar keltirib o‘tiladi.

«Real»
Pepe
Jarohat: ko‘krak qafasidagi jarohat
Qaytish vaqti: may oyi boshi

Madridliklarning portugaliyalik himoyachisi 9 aprel kuni «Atletiko»ga qarshi o‘yin vaqtida jarohat olgandi. O‘shanda futbolchi 67-daqiqada maydonni tark etgandi va shundan keyin futbol o‘ynamadi. Uning jarohatini tuzatib, safga qaytishi uchun bir oy vaqt ketadi.

Rafael Varan
Jarohat: bel qismidagi jarohat
Qaytish vaqti: Aprel oyi oxiri

Varanni muntazam jarohatlar ta'qib qilishda davom etmoqda. Fevral oyi oxirida fransuz futbolchi belining o‘ng qismidagi mushaklarni shikastlab olgandi va bir oydan ortiq vaqt davomida futbol o‘ynamadi. U davolanib o‘yinga qaytdi va «Alaves» bilan o‘yinga tushdi. Ammo u bu o‘yinning 11-daqiqasidayoq safdan chiqdi. bu safar belining chap qismidagi jarohatini davolayotgan himoyachi aprel oyi oxirida maydonga qaytishi kutilmoqda.

Garet Beyl
Jarohat: Boldir qismidagi shikast
Qaytish vaqti: yaqin kunlarda

Uelslik futbolchi «Bavariya»ga qarshi safardagi o‘yin vaqtida jarohatlangan va 60-daqiqada o‘yindan olingandi. Ushbu jarohat tufayli Beyl Primera doirasida «Sporting»ga qarshi va YeChLda myunxenliklarga qarshi javob uchrashuvini o‘tkazib yubordi. 20 aprel kuni yarim himoyachi umumiy guruh bilan mashg‘ulotlarda ishtirok etdi, ammo uning klasiko uchrashuvida ishtirok etishi ehtimoldan yiroq.

«Barselona»
Aleysh Vidal
Jarohat: tizza bo‘g‘imi yorilishi
Qaytish vaqti: iyul oyi oxiri

Vidal fevral oyida «Alaves»ga qarshi o‘yin vaqtida jiddiy jarohat olgandi. Avvaliga shifokorlar uning oyog‘i singanini aytishdi, keyinchalik esa uning tizza bo‘g‘imida uzilish ro‘y bergani aniqlandi. Uning jarohatdan to‘la tuzalishi uchun 5 oy muddat talab qilinishi aytildi. Mart oyi oxirida Vidal individual dastur bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazishni boshladi.

Rafinya
Jarohat: tizza suyaklari ulanmasida jarohat
Qaytish vaqti: avgust oyi

Braziliyalik futbolchi «Granada»ga qarshi o‘yin vaqtida jarohatlangandi. Avvaliga u 4 haftaga safdan chiqqani aytildi. Ammo keyinroq uning tizza suyaklari ulanmasidan jiddiy jarohat olgani ma'lum bo‘ldi va u operatsiyaga yuborildi. Uning jarohatdan to‘liq sog‘ayib, safga qaytishi uchun 4 oy muddat ketadi. Shu tariqa uning uchun mavsum yakunlandi.

Neymar
Diskvalifikatsiya: 3ta o‘yin
Braziliyalik ushbu futbolchi «Malaga»ga qarshi uchrashuv vaqtida hakam yordamchisiga nisbatan sportga xos bo‘lmagan harakat qo‘llagani uchun 3 o‘yinga diskvalifikatsiya qilingandi.

Top