09:23 / 24.04.2017
9494

Afg‘onistondagi harbiy bazaga uyushtirilgan hujum qurbonlari soni 170 nafarga yetdi

"Tolibon" radikal guruhi jangarilarining 21 aprel, juma kuni Afganistoning Balx viloyatidagi harbiy bazaga uyushtirgan hujumi oqibatida halok bo‘lgan harbiylar soni 170 nafarga yetdi. Bu haqda Wall Street Journal nashri xabar bermoqda

Avvalroq Afg‘oniston mudofaa vazirligi hujum oqibatida halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar soni 100 nafardan, OAV esa qurbonlar 130 nafardan ko‘proq ekanligini ma'lum qilgandi.   

Nashrning ta'kidlashicha, ushbu hujum toliblar Afg‘onistonda hokimiyatdan chetlashtirilgan 2001 yildan beri sodir etgan eng qonli hujum bo‘ldi.

Mahalliy va xorijiy hukumatlar vakillari Afg‘oniston armiyasini jamoatchilikning hukumat institutlariga ishonchiga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan ushbu voqeani bosdi-bosdi qilishda ayblashdi. Afg‘oniston prezidenti ma'muriyati va armiya qo‘mondonligi bu ayblovlarga izoh berishmagan.

Prezident Ashraf G‘ani hujumga uchragan baza yaqinidagi Mozori-Sharif shahriga tashrif buyurgan, biroq hujum tafsilotlari bo‘yicha hech qanday izoh bermagan. Prezident vakili ushbu masala bo‘yicha harbiylarga murojaat qilishni tavsiya qilgan.

Toliblar baza oldidagi transport vositalaridan birini portlatib, so‘ngra baza hududidagi oshxona va masjidga kirishidan oldin qancha nazorat-o‘tkazish punktini "tozalagani" noma'lumligicha qolmoqda.

Hujumda jarohat olgan harbiylarning aytishlaricha, jangarilarning bazada sheriklari bo‘lishi mumkin. "Tolibon"ning o‘zi esa ushbu hujumni bahorgi hujum oldidan namuna tariqasida amalga oshirganini ma'lum qilgan.

Top