17:37 / 24.04.2017
7432

Kimyo tarmog‘i korxonalariga ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish topshirildi

Prezidentning 12.04.2017 yildagi PQ–2884-son Qarori bilan «O‘zkimyosanoat» AJ faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari belgilandi hamda uning yangilangan tashkiliy tuzilmasi va ijro etuvchi apparati tuzilmasi tasdiqlandi, deb xabar bermoqda Norma.uz.

Ishlab chiqarish xarajatlari va mahsulot tannarxini og‘ishmay tubdan kamaytirib borish, mavjud rezervlarni aniqlash, energiya jihatidan samarali, materiallar va resurslarni tejaydigan ilg‘or texnologiyalarni jadal tatbiq etish, ishlab chiqarish sarf-xarajatlarini qisqartirish kimyo sanoati korxonalarining eng muhim vazifasi hisoblanishi kerak.

Shu munosabat bilan «O‘zkimyosanoat» AJga joriy yilda korxonalar kesimida ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish hamda mahsulot tannarxini pasaytirishning prognoz parametrlarini ishlab chiqish va unga erishish topshirildi.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasiga quyidagilar tasdiqlash uchun kiritilishi kerak:

•  Fosforli o‘g‘itlar ishlab chiqarish bo‘yicha mavjud quvvatlarni kengaytirish, ichki va tashqi bozorlarda talab bo‘lgan kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha moslashuvchan ishlab chiqarishlarni tashkil etish yuzasidan aniq chora-tadbirlar nazarda tutilgan 2017 — 2021 yillarda kimyo sanoatini rivojlantirish dasturi (2 oy muddatda).

•  2018-2019 yillarda ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish va ishlab chiqarilayotgan kimyo mahsulotlarining raqobatdoshligini oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar dasturi (1.12.2017 yilgacha).

Qarorga muvofiq “O‘zkimyosanoat” AJ aksiyadorlarining umumiy yig‘ilishida saylangan boshqaruv raisi va uning o‘rinbosarlari Hukumat tomonidan lavozimga tasdiqlanadi hamda maqomiga ko‘ra tegishli ravishda vazirga va vazir o‘rinbosarlariga tenglashtiriladi.

Shuningdek, jamiyatning Kuzatuv kengashi tashkil etilgan bo‘lib, uning tarkibiga Bosh vazir o‘rinbosari Ibragimov G‘.I. hamda qator vazirlik, davlat qo‘mitalari va idoralarning rasmiy vakillari kirdi.

Top