13:43 / 24.04.2017
15067

Mirobod tumanida firibgarlar ushlandi

Umidjon Abdurahmonov va Orifjon Mamatqulov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) oliy ma'lumotli o‘qituvchilar, yosh bo‘lishsa-da, o‘zlariga yarasha obro‘ga ega bo‘lishgan. U.Abdurahmonov kollejda o‘qituvchi bo‘lib ishlaydi. O.Mamatqulov esa maktabda o‘quvchilarga saboq beradi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Xullas, maktabni tamomlagan Farida Suyunova xolasi Manzura Mardiyeva bilan o‘zaro suhbatlarining birida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga qarashli Toshkent temir yo‘l transport kasb-hunar kollejida o‘qish ishtiyoqi borligini aytadi. Jiyanining orzusini amalga oshirish uchun xola astoydil harakatga tushadi. M.Mardiyeva avval jiyanining o‘qituvchisi O.Mamatqulovga maslahat soladi. Ushbu ta'lim dargohida tanishlari bo‘lsa, “xarajat”idan qochmasligini ham qistirib o‘tadi. O.Mamatqulov esa bunday qulay fursatni qo‘ldan boy bergisi kelmaydi. “Men surishtirib ko‘ray-chi?! Telefon raqamingizni qoldirib ketsangiz, o‘zim sizga qo‘ng‘iroq qilaman”, deydi Orifjon.

Nafs qutqusiga uchragan O.Mamatqulov o‘zganing pulini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritish maqsadida tanishi U.Abdurahmonov bilan bog‘lanadi. To‘rga kattagina “baliq” ilinganini, uni suvdan chiqarib olishsa, yaxshigina mablag‘ga ega bo‘lishlarini aytib, uni ham bu ishga jalb qiladi. Ikkovlon jinoiy reja tuzib, ishni pishirib olganlaridan so‘ng Orifjon M.Mardiyevaga qo‘ng‘iroq qiladi. Jiyanining ishi deyarli hal bo‘lganini, o‘sha kollejda dars beradigan bir domla bilan gaplashgani, “xarajati”ni qilsa, o‘qishga kiritib qo‘yishini, faqat uchrashib, kelishib olish kerakligini aytadi.

Belgilangan joyga yetib kelgan M.Mardiyevani ikki yigit ochiq yuz bilan kutib olishadi. Biroz gaplashib o‘tirishgach, O.Mamatqulov tanishi Umidjonni Toshkent temir yo‘l kasb-hunar kollejida o‘qituvchi bo‘lib ishlashini aytib, uni “Inomjon”, deb tanishtiradi. Aslida U.Abdurahmonov boshqa kollejda ishlar edi. Umidjon ham o‘z navbatida jiyanining o‘qishga kiritishiga yuz foiz kafolat berishini aytib, og‘iz ko‘pirtiradi. Gap “xarajat”ga taqalganda M.Mardiyeva bu tomondan xavotirlanmaslikni aytib, qancha bo‘lishini so‘raydi. U.Abdurahmonov shu zahoti cho‘ntagidan qog‘oz chiqarib, 2500 AQSh dollari, deb yozib ko‘rsatadi. M.Mardiyeva ularning shartiga rozi bo‘ladi, pulni tez kunda olib kelishini aytadi va ular bilan xayrlashadi.

Pulni berishdan oldin M.Mardiyeva kollejga borib, bunday o‘qituvchi bor-yo‘qligini surishtirib, haqiqatni bilib oladi. “Xizmat haqi” so‘ragan kimsalarning firibgarligini anglab, bu haqda huquq-tartibot idoralariga xabar beradi. Natijada O.Mamatqulov va U.Abdurahmonov undan 2500 AQSh dollari olayotgan paytda SVOJJDLQK departamentining Toshkent shahar boshqarmasi xodimlari tomonidan ushlanadi.

Mazkur ish jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida ko‘rib chiqilib, firibgarlarga tegishli jazo tayinlandi.

Top