14:59 / 24.04.2017
27397

So‘nggi 10 yildagi eng qizg‘in kechgan 7 «El-klasiko»

Futbol olamida Ispaniyaning ikki grand jamoasi «Real» va «Barselona» o‘rtasida kechadigan «El-klasiko»ning o‘z o‘rni bor. Quyida so‘nggi 10 yilda bo‘lib o‘tgan «el-klasiko»larning so‘nggi daqiqalarda hisob o‘zgargan 7 uchrashuviga doir jamlanmani havola qilamiz. «Santyago Bernabeu»da bo‘lib o‘tgan fantastik uchrashuvdan so‘ng, «Barsa» va «Real»ning oxirgi daqiqalarda hal etilgan o‘yinlarini yodga olishingiz mumkin. 

 

«Barselona» — «Real» — 3:3, La Liga, 2007 yil

Gollar: Van Nistelroy (5, 14), Ramos (73) – Messi (11, 28, 90+1)

2007 yilgi o‘yinning bosh qahramoni, 10 yildan keyin uzun sochlarini kesadigan, qalin soqol qo‘yadigan va raqib jamoani yana tiz cho‘ktiradigan yosh futbolchi bo‘lgan edi. 19 yoshli Leo Messi «Kamp Nou» stadionida madridlik mehmonlar darvozasini uch bora ishg‘ol qildi. Van Nistelroy va Ramos «Real» g‘alaba qozonish uchun barchasini to‘g‘ri bajarishdi, ammo Messi qo‘shib berilgan vaqtning ilk daqiqasida «qirollik» klubi rejalarini barbod qildi. O‘sha kecha Yevropada yangi futbol dahosi haqida shov-shuv ko‘tarildi. 

 

«Barselona» — «Real» — 2:0, La Liga, 2008 yil

Gollar: Eto’O (82), Messi (90+1)

2008 yilda Gvardiola boshqaruvida o‘zining ilk mavsumini o‘tkazayotgan «Barsa»da muammolar talaygina edi. Biroq, ularning ahvoli o‘sha vaqtdagi «Real»ga qaraganda birmuncha yaxshiroq edi. Shu o‘yindan bir necha oy o‘tgach, qaymoqranglilar o‘z tarixidagi eng alamli mag‘lubiyatlardan biriga uchraydi. «Bernabeu» 2:6 hisobida imkoniyatni boy beradi. 2008 yil qishida esa Xuande Ramos jamoasiga «Kamp Nou»da durangni saqlab qolish uchun 10 daqiqa yetmadi. Hujumchilar Samuel Eto’O va Leo Messi jamoasi g‘alabasini ta'minlashdi. 

 

«Barselona» — «Real» — 3:2, Ispaniya Superkubogi, 2011 yil

Gollar: Inesta (15), Messi (45, 88) – Ronaldu (20), Benzema (82)

«Kamp Nou» stadioni muxlislar bilan liq to‘lgan. Sesk Fabregasning o‘z jamoasiga qaytganidan so‘nggi ilk o‘yini. 3ta qizil kartochka, o‘yin oxiridagi to‘polon va yana Messining oxirgi daqiqalardagi g‘alaba keltirgan goli. Superkubok finali uchun bundan ortig‘i bo‘lmasa kerak. Musobaqa unchalik ham obro‘li sanalmasa-da, «Barsa» va «Real»dan ikkinchi darajali futbolni kutish noto‘g‘ri bo‘ladi. «Barselona» ikki marta oldinga chiqib oldi, «Real» ikki marta hisobni tenglashtirdi. Biroq so‘ngso‘zni kataloniyaliklar aytdi. 

 

«Real» — «Barselona» — 3:4, La Liga, 2014 yil

Gollar: Benzema (20, 24), Ronaldu (55) – Inesta (7), Messi (42, 65, 84)

Ayting-chi, so‘nggi marotaba bir o‘yinda 7ta gol urilgan «klasiko»ni xotirlay olasizmi? Ha, bir necha yil muqaddam «Barsa» va «Real» Madridda ajoyib o‘yin namoyish qilgan edi. Ikkala jamoa ham himoya nima ekanligini unutib qo‘ygandi. O‘shanda ham Lionel Messi o‘z o‘yinini namoyish qilan va uning xet-triki kataloniyaliklar g‘alabasini ta'minlagan edi. 

 

«Barselona» — «Real» — 1:2, Ispaniya kubogi, 2014 yil

Gollar: Bartra (68) – Di Mariya (11), Beyl (85)

Ushbu mavsumda ikki jamoa yana bitta tomosha ko‘rsatishdi. O‘sha kungi o‘yin Mark Bartra faoliyatidagi eng yodda qolarli o‘yin bo‘lgan bo‘lsa ajab emas. Aynan u Kasilyas darvozasini boshi bilan ishg‘ol qilgan edi. Albatta, g‘alaba to‘pini kiritgan Garet Beyl ijrosini qayd etmaslikning iloji yo‘q. 

 

«Barselona» — «Real» — 1:2, La Liga, 2016 yil

Gollar: Pike (56) – Benzema (62), Ronaldu (85)

Bu o‘yin «Barselona»ning o‘tgan yilgi chempionlik kurashiga nuqta qo‘yishi mumkin bo‘lgan o‘yinlardan biri. O‘yinning eng qiziq lahzalari ikkinchi taymda ro‘y berdi. Xerard Pike hisobni ochgan bo‘lsa, Benzema tenglashtirdi, o‘yin tugashiga 5 daqiqa qolganida Krishtianu Ronaldu «Kamp Nou»ni sovuq terga botirdi. 

 

«Barselona» — «Real» — 1:1, La Liga, 2016 yil

Gollar: Suares (53), Ramos (90)

Nihoyat, o‘yinning so‘nggi lahzalarida gol urush nashidasiga doir yana bir misol. «Barselona» mavsum boshidayoq, bu safar barchasi silliq kechmasligini ko‘rsatishga ulgurdi. Kataloniyaliklar Suaresning goli hisobiga oldinga chiqib olishdi, ammo Maskeranoning yo‘q joydan jarima to‘piga sabab bo‘lgani durangga sabab bo‘ldi. Modrichning ajoyib jarima to‘pidan so‘ng, Ramos qahramonga aylandi. U raqib jarima maydonida boshi bilan durang qayd etilishiga hissa qo‘shdi. 

Top