00:46 / 25.04.2017
7232

Marseldagi saylov uchastkasida noodatiy holat yuz berdi

Fransiyaning Marsel shahridagi saylov uchastkalaridan birining boshlig‘i ovoz berish byulletenlarini o‘zi bilan uyiga olib ketdi. Voqea Fransiya prezidenti saylovlarining 1-bosqichi yakunlangandan keyin yuz bergan.

Saylovchilar saylov uchastkasini tark etganlaridan keyin saylov uchastkasi boshlig‘i byulletenlarni yig‘ishtirib, ularni o‘zi bilan olib ketgan, deb xabar bermoqda LeParisien nashri.

Huquq-tartibot idoralari xodimlari erkakning uyiga kelib, unga xatosi haqida ma'lum qilishgan.  

Ushbu noodatiy holat tufayli Marselda saylov natijalarini taqdim qilish bir oz ushlangan.

Bu orada prezidentlik saylovlarining yakuniy natijalari e'lon qilindi. Unga ko‘ra, Emmanyuel Makron 24,01 foiz ovoz, Marin Le Pen 21,3 foiz ovoz to‘plagan.

3-o‘rinni Fransua Fiyon (20,01 foiz), 4-o‘rinni Jan-Lyuk Melanshon (19,58 foiz) va 5-o‘rinni Benua Amon (6,36) egallaganlar.

Shu tariqa saylovlarning 7 may kuni o‘tadigan 2-bosqichida Makron va Le Pen uchrashadilar. Aynan ular 3 may kuni o‘tadigan teledebatlarda ishtirok etadilar.

Mavzuga oid
Top