23:29 / 25.04.2017
10292

Sayyor qabul Yashnobodda: murojaatlar o‘z joyida hal etildi

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi Tursinxon Xudaybergenov boshchiligidagi respublika ishchi guruhi a'zolari Toshkent  shahri Yashnobod  tumani aholisi bilan ochiq muloqot tarzida sayyor qabul o‘tkazdi.

Sayyor qabulda vazirliklar, shahar va tuman hokimliklari, prokuratura, ichki ishlar, sud organlari rahbarlari hamda boshqa tegishli boshqarma va tashkilotlar mutasaddilari ishtirok etdi.

Tadbirda ta'kidlanganidek, bugungi kunga kelib Toshkent shahri Yashnobod tumanida istiqomat qiluvchi aholidan shu vaqtga qadar jami 16 554 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ushbu murojaatlarning 6 648 tasi Yashnobod tuman hokimligi vakolati bilan bog‘liq.

Tumandan kelgan murojaatlarning asosiy qismi uy-joy olish va uy-joy qurish uchun yer ajratish, joylarda uy-joylarning ta'mirga muhtojligi bo‘yicha 3 304 ta (20 foiz), bank-moliya va soliqqa tortish masalalari bo‘yicha 1 188 ta (7,2 foiz), moddiy yordam, ish haqi, pensiya ta'minoti hamda bolalar nafaqasini olish masalalari bo‘yicha 1 082 ta (6,5 foiz), fuqarolikni qabul qilish va fuqarolikdan chiqish, pasport olish va propiskaga o‘tish masalalari bo‘yicha 1 046 ta (6,3 foiz), mehnat va bandlik masalasi, shu jumladan, ishga joylashish va ishga tiklanish masalalari bo‘yicha 835 ta (5 foiz), sudlarda jinoyat ishlari, fuqarolik ishlari, xo‘jalik sudlarida ishlar ko‘rilishi bo‘yicha 812 ta (4,9 foiz) va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga oiddir.

Yashnobod tuman hokimligiga tegishli bo‘lgan murojaatlarning 5 565 tasi (83,7 foiz) ko‘rib chiqilgan bo‘lib, hozirda 1 083 ta (16,3 foiz) murojaat ko‘rib chiqilish jarayonida. O‘tgan davr mobaynida ko‘rib chiqilgan murojaatlarning 4 985 tasi muddati buzilgan holda javob xati berilgan.

Tuman hokimligida murojaatlar bilan ishlash tizimini to‘g‘ri tashkil etmaslik, murojaatlarni taqsimlash va nazorat qilish ishlariga malakali kadrlarni jalb etmaslik hamda tahlil ishlarini yo‘lga qo‘yilmaslik oqibatida joriy yilda jami 373 ta muddati o‘tgan murojaat yuzaga kelgan.

Mazkur sayyor qabul davomida 90dan ziyod murojaat ko‘rib chiqildi va ularning aksariyati asosli deb topilib, ijobiy hal etilish uchun nazoratga olindi. Uchrashuv yakunida ko‘rib chiqilgan barcha murojaatlar bo‘yicha shahar va tuman darajasidagi mutasaddi idora va tashkilotlarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Top